Toshkentda Yashil to‘lqin tizimining ilk yo‘nalishi ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mutaxassislar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasining To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismidagi 13 ta chorrahada svetoforlar ishini o‘zaro sinxronlashtirgan.

Tizim ertalab shahar markazi tomon, kechki payt esa qarama-qarshi yo‘nalishda ishlaydi.

Sinov natijalariga ko‘ra, To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishda o‘rtacha harakatlanish vaqti 8,5 daqiqadan 6 daqiqagacha, ya‘ni 29% ga qisqargan. Qarama-qarshi yo‘nalishda esa bu ko‘rsatkich 10 daqiqadan 8 daqiqagacha yoki 20% ga kamaygan.

Markazning ta‘kidlashicha, tizim samarali ishlashi uchun haydovchilar belgilangan 40−60 km/soat tezlikda harakatlanishi va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi lozim.

Shunda ushbu yo‘l qismidagi aksariyat chorrahalardan svetoforning qizil chirog‘ida deyarli to‘xtamasdan o‘tish mumkin bo‘ladi.

Hozirda Yashil to‘lqin tizimini aqlli svetoforlar o‘rnatilgan poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham joriy etish bo‘yicha loyiha va hisob-kitob ishlari davom ettirilmoqda.

Spot, avvalroq, Step City Toshkent uchun transport master rejasi va makromodelini ishlab chiqishi haqida yozgandi.