Toshkent transportining master rejasi va makromodelini ishlab chiqish ishlari yakuniy bosqichga o‘tmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 22-iyuldagi qarori bilan qabul qilingan poytaxt hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev hisobotiga ko‘ra, fevral oyi oxirida e‘lon qilingan xalqaro tanlovda Step City kompaniyasi g‘olib chiqqan.
Saralashda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Rossiya, Shvetsiya va Fransiyadan 90 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi.
G‘olib kompaniya — Step City zimmasiga bosh rejani ishlab chiqishni 2026-yil sentabr oyi oxirigacha to‘liq yakunlash vazifasi yuklatildi.
Modernizatsiya strategiyasining muhim qismi Intellektual transport tizimini (ITT) yaratish bo‘ladi. Nemis mutaxassislari ishtirokida uning uchun texnik topshiriq allaqachon ishlab chiqilgan, shuningdek, adaptiv svetoforlar va sun‘iy intellekt yordamida tirbandlikni tahlil qilish sohasida tajribaga ega 12 ta xorijiy kompaniya bilan muzokaralar olib borilgan. Ular orasida SWARCO (Avstriya), Siemens Mobility (Germaniya), Cubic Transportation Systems (AQSH) va Huawei (Xitoy) bor.
Yo‘llar
Bundan tashqari, dronlar yordamida olingan aerofotosuratlar va topografik xaritalar, shuningdek, 271 ta chorrahadagi harakat jadalligi parametrlari o‘rganilib, 260 km uzunlikdagi tirband ko‘chalar tahlil qilindi.
Natijada 271 ta chorrahaga tirband yo‘nalishlar uchun yashil chiroq vaqtini avtomatik uzaytirishga va “yashil yo‘lak"ni ta‘minlashga qodir 3946 ta adaptiv svetofor o‘rnatildi, bu esa dastlabki rejada ko‘zda tutilgan 217 ta obyektga nisbatan ancha ko‘pdir.
Shu bilan birga, yo‘llarga 1349 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi va mavjud 2909 tasi almashtirildi. Ko‘cha-yo‘l tarmog‘iga 176 km yangi chiziqlar chizildi hamda 719,8 ming kvadrat metr asfalt qoplamasi joriy ta‘mirlandi.
Harakatni tashkil etish loyihalari doirasida 61 ta chorrahada tirbandliklarning oldini olish uchun qurilish ishlari olib borildi. Modernizatsiya tashqi muhitga ham ta‘sir ko‘rsatdi: mutaxassislar 2889 ta tungi yoritish ustunini ta‘mirladi, ularning 693 tasi poytaxtning me‘moriy qiyofasiga mos ravishda dekorativ elementlar bilan bezatildi va haydovchilar e‘tiborini chalg‘ituvchi 902 ta reklama konstruksiyasi olib tashlandi.
Jamoat transporti
Hisobotda jamoat transporti va piyodalar infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratilgan. Avtobuslar uchun ustuvorlikni ta‘minlash maqsadida yangi standartdagi (A-yo‘lak) 25 km uzunlikdagi ajratilgan yo‘laklar loyihalari tayyorlandi.
Shaharda do‘konlar bilan birlashtirilgan va avtobuslar harakatiga to‘sqinlik qilayotgan 80 ta bekat majmuasi ko‘chirildi, 220 ta bekatga esa chiqindi qutilari, videokuzatuv kameralari, elektron tablolar, SOS chaqiruv tugmalari, shuningdek, panduslar va taktil plitkalar bilan jihozlangan zamonaviy pavilyonlar o‘rnatildi. Bunga Toshkent MUM yonidagi Islom Karimov ko‘chasini yaqqol misol qilib keltirish mumkin: u yerda uzoq yillar davomida noqulaylik tug‘dirgan bekat hududi mavjud bo‘lmagan joyga perron qurilib zamonaviy bekat o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, rejada ko‘zda tutilgan 85 ta o‘rniga 123 ta piyodalar o‘tish joyi barpo etildi, 9721 metr yangi trotuarlar qurish ishlari olib borilmoqda, Xalqlar do‘stligi san‘at saroyi oldidagi tartibga solinmagan o‘tish joyi esa “aqlli” svetofor bilan jihozlandi.
Yo‘l ishlarini tizimlashtirish maqsadida Kengash ruxsatnomalar berishning maxsus tartibini tasdiqladi, hokimlik esa Raqamli rivojlanish departamenti bilan hamkorlikda onlayn platformani ishga tushirdi. Endilikda yer qazish va ta‘mirlash ishlarini olib borish uchun barcha kelishuvlar shu platforma orqali rasmiylashtiriladi.
Joriy etilgan chora-tadbirlar sezilarli natija berdi: yangilangan 12 ta ko‘chada avtomobillarning o‘rtacha tezligi 23 km/soatdan 28 km/soatga (+22%) oshdi, oltita asosiy magistral — Nukus, Maxtumquli, Islom Karimov, Nurafshon, Farg‘ona yo‘li ko‘chalari va THAYda esa avtobuslar tezligi 17 km/soatdan 20 km/soatga (+18%) ko‘tarildi.
Bekatlardagi kutish zonalari 6030 kvadrat metrga kengaytirilib, kuniga 267 ming yo‘lovchiga qulaylik yaratildi, 64 ta yangi o‘tish joyida esa 167 ming piyodaning xavfsizligi ta‘minlandi.
Spot, avvalroq, Toshkentda $1 mlrdga ikki qavatli halqa pulli yo‘li qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.