Toshkentda ikki qavatli halqa pulli yo‘li va to‘qqizta yo‘l o‘tkazgich qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining poytaxt hokimining transport va yo‘l-transport infratuzilmasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev hisoboti keltirilgan qarorida ma‘lum qilingan. Hujjatda shahar yo‘l-transport tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar sarhisob qilinib, xalqaro investorlar bilan tuzilgan bitimlar tafsilotlari keltirilgan.
Xorijiy hamkorlik portfelidagi eng yirik loyiha China Railway Construction kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan, qiymati $1 mlrd bo‘lgan 100 kilometrlik ikki qavatli Toshkent halqa pulli avtomobil yo‘lining qurilishi bo‘ladi.
Qiymati $1 mlrd bo‘lgan yana bir loyihani SINO-Hunan kompaniyasi amalga oshirishi mumkin. U 7 ta tunnel, 5 ta yo‘l o‘tkazgich, 279 km avtomobil yo‘li qurishni, shuningdek, 16 ta ko‘chada 57 km uzunlikdagi BRT yo‘laklarini tashkil etishni nazarda tutadi.
O‘z navbatida, China Construction kompaniyasi 3 ta yo‘l o‘tkazgich va 4 ta kemping qurishga hamda 27 km yo‘lni kapital ta‘mirlashga $500 mln yo‘naltiradi.
Shanghai Construction kompaniyasi 7,7 km yo‘lni ta‘mirlash va bitta kemping markazi barpo etish uchun $100 mln sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Xinjiang Hui‘er Agricultural kompaniyasi bilan yo‘l bo‘yi hududlarini landshaft dizayni asosida ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha bitimlar imzolangan.
Toshkent shahar hokimligining Gazeta‘ga aniqlik kiritishicha, gap bitimlar haqida emas, balki imzolangan memorandumlar haqida ketmoqda.
Poytaxt ma‘muriyati keng ko‘lamli qurilish bilan bir vaqtda boshqa bir qator yo‘l o‘tkazgichlar va magistrallar bo‘yicha hujjatlarni ham tayyorlamoqda. Xususan, hozirda Mirzo Ulug‘bek, Buyuk Ipak yo‘li va Mustaqillik ko‘chalari kesishmasida qiymati $50 mlnga baholanayotgan yo‘l o‘tkazgichni qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Shahrisabz ko‘chasining 3 kilometrini, Amir Temur ko‘chasining 7,6 kilometrini va Yangi Sergeli ko‘chasining 5,5 kilometrini modernizatsiya qilish hamda avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak (BRT) tashkil etishni ko‘zda tutuvchi $44 mlnlik loyiha ham ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Ayni paytda Mustaqillik, Mirzo Ulug‘bek, Do‘rmon yo‘li va Amir Temur ko‘chalaridagi 11 km uzunlikdagi yo‘llar rekonstruksiya qilinmoqda. Ularni ta‘mirlashda harorat o‘zgarishiga va og‘ir yuk transporti bosimiga chidamli, xizmat muddati 10 yildan 15 yilgacha bo‘lgan shag‘al-mastikali asfaltbeton (ShMA-20) qo‘llanilmoqda.
Spot, avvalroq, xorijiy investorlar qiymati $2,2 mlrdlik Toshkent-Samarqand pulli yo‘li megaloyihasining 85% ini moliyalashtirishi haqida yozgandi.