Avvalroq 22-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start bergani haqida yozgandi.
Qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent-Samarqand yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishining 85%i xorijiy sarmoyalar hisobidan moliyalashtiriladi. Qolgan 15%i esa byudjet mablag‘laridan iborat bo‘ladi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov O‘zbekiston24 telekanaliga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mavjud yo‘l ortib borayotgan transport yuklamasiga bardosh bera olmayotgani sababli yangi magistral qurish zaruratga aylangan. Dastlab trassa sutkasiga 20−30 ming avtomobil o‘tishiga mo‘ljallab loyihalashtirilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda u orqali har kuni 60 minggacha transport vositasi harakatlanmoqda.




Tursunov mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi, aholi daromadlarining ortishi va doimiy kuchayib borayotgan transport oqimi Toshkent va Samarqand o‘rtasida muqobil yo‘l qurish zaruratini yuzaga keltirganini ta‘kidladi.
Uning aytishicha, loyiha O‘zbekiston prezidenti ishtirokida bir necha bor muhokama qilingan, shundan so‘ng xalqaro muhandis-konsultantlar va pudratchi tashkilotlar bilan muzokaralar olib borilgan. Loyihalash jarayonida Turkiya, Germaniya va Janubiy Koreyaning pulli yo‘llarni qurish tajribasi ham o‘rganilgan.
“Birinchi navbatdagi vazifa — aholini mazkur yo‘ldan xavfsiz harakatlanishini taʼminlash. Keyingi asosiy vazifa — bu yo‘lni xorijiy davlatlardagi pulli yo‘llardan kam bo‘lmagan, yuqori texnologiyadagi, aqlli, intellektual transport tizimi mavjud bo‘lgan yo‘l barpo etishdan iborat”, — dedi qo‘mita rahbari.

O‘zbekiston24 telekanali lavhasida xabar qilinishicha, uzunligi qariyb 280 km bo‘lgan yangi avtomagistral olti polosali bo‘lib, sutkasiga 60 mingdan 80 minggacha avtomobilni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Loyiha doirasida 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘lo‘tkazgich, 60 ta piyodalar o‘tish joyi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun yerosti yo‘llari va suv o‘tkazish inshootlarini qurish ko‘zda tutilgan.
Yo‘l qoplamasi og‘ir yuk transporti va yuqori tezlikda harakatlanuvchi avtomobillarning jadal qatnoviga mo‘ljallangan monolit betondan yotqiziladi. Bundan tashqari, trassada zamonaviy raqamli yechimlar va harakatni boshqarishning intellektual tizimlari joriy etiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi magistral yuk tashish tannarxini 19−24% ga pasaytirish imkonini beradi. Jahon banki tahliliga ko‘ra, bunday infratuzilma loyihalariga sarflangan har bir dollar iqtisodiyotga besh barobargacha daromad keltirishi mumkin.
Yo‘l qurilishi Toshkent shahri, shuningdek, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining yalpi hududiy mahsulotini qariyb 3% ga oshirishi kutilmoqda.
Qurilishni boshlash marosimida Shavkat Mirziyoyev yo‘l yaqin yillarga emas, balki 50−60 yillik istiqbolni ko‘zlab, olti polosali qilib loyihalashtirilayotganini alohida ta‘kidladi.





Spot, avvalroq, Toshkent-Samarqand pulli yo‘li uchun operator qurilishdan so‘ng tanlanishi haqida yozgandi.








