Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida Yashil to‘lqin tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Iyul oyi boshida piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida xiyobon atrofida va unga tutash chorrahalarda beshta yangi svetofor o‘rnatilgandi. Endilikda ular o‘zaro sinxronlashtirilib, yagona algoritm asosida ishlamoqda.

Birinchi yo‘nalishda Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasidan yashil signalda harakatni boshlagan avtomobil xiyobon atrofidagi aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomonga svetoforlarda ortiqcha to‘xtamasdan harakatlanishi mumkin.

Qarama-qarshi yo‘nalishda esa Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobil aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha Yashil to‘lqin rejimida yetib borishi mumkin.

Yashil to‘lqin barcha svetoforlarda yashil signal bir vaqtda yonishini anglatmaydi. Avtomobilning yo‘l qismini bosib o‘tishi uchun zarur vaqt hisobga olinib, keyingi har bir svetoforda yashil signal muayyan vaqt oralig‘i bilan yoqiladi.

Buning uchun haydovchi yo‘nalishga yashil signalda kirishi, belgilangan tezlik me‘yoriga rioya qilib, bir maromda harakatlanishi kerak. Transport oqimi erkin bo‘lsa, avtomobil navbatdagi svetoforga yashil signal yongan vaqtda yetib boradi.

Markaz tizim svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirishi, transport harakatini bir maromga keltirishi, chorrahalardagi navbatlar va kutish vaqtini qisqartirishi, shuningdek, yonilg‘i sarfi hamda zararli chiqindilar hajmini kamaytirishini kutmoqda.

Hozirda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham Yashil to‘lqin tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda.

May oyida Amir Temur xiyoboni atrofida yerusti piyodalar o‘tish joylari qaytadan tashkil etilishi aytilgandi. Brodvey tomondagi metall to‘siqlar olib tashlanib, “aqlli” svetofor o‘rnatilib, xavfsizlik orolchalari tashkil etilishi qayd etilgan.

Spot, avvalroq, Toshkentda 13 ta chorrahani qamrab olgan ilk Yashil to‘lqin tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.