Amir Temur xiyoboni atrofida yerusti piyodalar o‘tish joylari qaytadan tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma‘lum qildi.
Qayd etilishicha, xiyobon atrofidagi transport harakati sxemasini takomillashtirish loyihasi avtomobillar oqimini yaxshilash bilan birga, hududni piyodalar uchun xavfsizroq va qulayroq qilishga qaratilgan.
Loyiha doirasida transport oqimi, jamoat transporti va piyodalar yo‘nalishlari hisobga olingan holda bir qator o‘zgarishlar taklif qilinmoqda.
Xususan, Sayilgoh ko‘chasidan (Brodvey) xiyobonga olib o‘tuvchi qismdagi metall to‘siqlar olib tashlanadi. Ularning o‘rniga piyodalar uchun “aqlli” svetofor o‘rnatiladi.
Shuningdek, Maxtumquli ko‘chasi tomoni (Forumlar saroyi yaqinida), Amir Temur ko‘chasi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi kirish qismlarida xavfsizlik orolchalari tashkil etilib, tartibga soluvchi svetoforlar joriy qilinadi.
Bundan tashqari, Temuriylar muzeyi hamda O‘zbekiston mehmonxonasi yonida turistik avtobuslar uchun maxsus to‘xtash joylari tashkil etiladi.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, harakat sxemasini optimallashtirish orqali aylana yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 5,6 mingdan 6 mingtagacha avtomobilga yetadi.
Hafta boshida Toshkent shahrining Sayilgohi ko‘chasida joylashgan Brodvey rekonstruksiya qilinishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkentdagi Malika bozori yonidagi bekat ko‘chirilishi haqida yozgandi.