Toshkent shahrining Sayilgohi ko‘chasida joylashgan Brodvey rekonstruksiya qilinadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hududda o‘tkazilgan tahlillar piyodalar hududi, unga tutash xiyobon va yashil maydonlarni bosqichma-bosqich yangilash zarurligini ko‘rsatgan. Shuningdek, yoritish, irrigatsiya, xavfsizlik, piyodalar o‘tish yo‘laklari va tashqi ko‘rinishni ham yaxshilash rejalashtirilmoqda.

Hokimlikka ko‘ra, loyiha Yagona dizayn-kod va hududni kompleks rivojlantirish tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Tayyorgarlik jarayonida aholi hamda professional hamjamiyat takliflari ham o‘rganiladi.

Ma‘lum qilinishicha, rekonstruksiya davomida Brodveyning ochiq va jonli shahar muhiti saqlab qolinadi. Ko‘cha rassomlari va ijodiy jamoatchilik vakillari ushbu hududning bir qismi bo‘lib qoladi.

Loyiha doirasida yo‘l va piyodalar yo‘laklari qoplamasini yangilash, to‘siqsiz muhit yaratish, favvoralarni rekonstruksiya qilish, yoritish tizimini modernizatsiya qilish, videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish hamda noqonuniy qurilmalarni demontaj qilish ko‘zda tutilgan.

brodvey, dizayn-kod, sayilgoh, toshkent, toshkent shahar hokimligi

Bundan tashqari, peshlavha va reklamalarni Yagona dizayn-kod talablariga moslashtirish, savdo faoliyatini tartibga solish ham rejalashtirilgan.

Hokimlik mavjud daraxtlar mutaxassislar nazoratida ekanini bildirgan. Shuningdek, hududga kamida 1000 tup daraxt, buta va manzarali o‘simlik ekilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — Brodveyning o‘ziga xos qiyofasi va jonli muhitini saqlab qolgan holda, hududni aholi va sayyohlar uchun yana-da qulay, xavfsiz va zamonaviy maskanga aylantirishdan iborat.

Spot, avvalroq, endi biznes peshlavhalari reklama sifatida baholanmasligi hamda ruxsatnomalar bekor qilinishi haqida yozgandi.