O‘zbekiston investitsiya darajasidagi kredit reytingini olishni va Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lishni yakunlash niyatida. Bu haqda 24-avgust kuni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Toshkentda bo‘lib o‘tgan Silk Road Finance & Technology Forum‘ida ma‘lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davrda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha yillik o‘sishi qariyb 6−7% ni tashkil etgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM taxminan $1900 dan $4600 gacha oshdi, buning natijasida O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirdi.

“Bu davrda iqtisodiyotimiz hajmi uch barobarga oshdi, yalpi ichki mahsulot esa taxminan $60 mlrddan $180 mlrdga yetdi”, — dedi Qo‘chqorov.

Vazir inflyatsiyaning pasayganini ham qayd etdi. Agar bir necha yil avval u ikki xonali darajada bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich bir xonali qiymatgacha tushdi. Uning baholashicha, joriy yilda inflyatsiya 6,5% atrofida bo‘lishi kutilmoqda, kelgusi yilda esa uni 5% gacha pasaytirish maqsad qilingan.

Tashqi davlat qarzi YIMning taxminan 27%i darajasida saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda byudjet taqchilligi YIMning 3% idan past darajada ushlab turilmoqda.

inflyatsiya, jahon savdo tashkiloti, jamshid qo'chqorov, kredit reytingi

Qo‘chqorov, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga berilayotgan tashqi baholar yaxshilanganini ta‘kidladi: mamlakatning suveren kredit reytinglari oshirildi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi esa o‘sishda davom etdi.

Kelgusida hukumat inflyatsiyani maqsadli darajagacha pasaytirish, byudjet intizomini saqlash va davlat qarzining barqarorligini ta‘minlash bo‘yicha choralarni davom ettirish niyatida. Shuningdek, investorlar va bozor ishtirokchilari uchun qulay hamda oldindan prognoz qilinadigan sharoitlarni ta‘minlash rejalashtirilmoqda.

“Biz investitsiya darajasidagi kredit reytingiga erishish, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a‘zo bo‘lishini yakunlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yana-da qisqartirish va bozor islohotlarini davom ettirish ustida ish olib boramiz”, — deya bayonot qildi vazir.

Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, bu chora-tadbirlar xususiy sektorning rolini kuchaytirishi, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini chuqurlashtirishi hamda mahalliy va xorijiy investorlar uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishi kerak.

inflyatsiya, jahon savdo tashkiloti, jamshid qo'chqorov, kredit reytingi

Vazir moliya tizimi va fintexni rivojlantirishga alohida e‘tibor qaratdi. Kelgusi tarkibiy islohotlar doirasida jahon iqtisodiyoti bilan bog‘langan zamonaviy, raqobatbardosh va inklyuziv moliya tizimini yaratish rejalashtirilgan.

“Bu texnologiyalar to‘siqlarni kamaytiradigan, innovatsiyalar rag‘batlantiriladigan va ishonch himoyalanadigan tizim bo‘lishi kerak”, — dedi Qo‘chqorov.

U, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni, o‘zaro bog‘liqlik hamda o‘zaro anglashuvni yana-da rivojlantirish muhimligini ta‘kidladi. Uning fikricha, moliyaviy texnologiyalarning rivojlanishi kapital harakati va taqsimotini tezlashtirish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va moliyaviy resurslardan samaraliroq foydalanish orqali iqtisodiy o‘sishga yordam beradi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishni 2026-yilda yakunlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.