Hukumat qarori bilan dual kasb-hunar ta‘limini tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilandi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.

Texnikumlar bilan dual ta‘lim dasturlarini joriy etish to‘g‘risida shartnoma tuzgan tashkilotlar imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi. Ularni ajratish prezidentning 2025-yil oktyabrdagi kasb-hunar ta‘limi sohasidagi islohotlar to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Kredit miqdori 5 mlrd so‘mgachani tashkil etadi. Pul mablag‘lari yetti yil muddatga, ikki yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% yuqori stavkada (hozirda — 18% — Spot) ajratiladi.

Har 1 mlrd so‘m kredit olgan tashkilot ikki yillik dual ta‘lim dasturi doirasida texnikumning kamida 5 nafar o‘quvchisini ishga jalb qilish majburiyatini oladi. Shuningdek, u har 1 mlrd so‘m uchun kamida bitta bitiruvchini bir yilgacha bo‘lgan muddatga ish bilan ta‘minlashi kerak bo‘ladi.

Mablag‘lardan quyidagi maqsadlarda foydalanish mumkin:

  • yangi biznesni yoki yangi yo‘nalishlarda ishlab chiqarishni joriy qilish;
  • ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish maqsadida tashkilotni zamonaviy texnologiyalar bilan ta‘minlash hamda modernizatsiya qilish;
  • eksportni qo‘llab-quvvatlash;
  • “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya jihozlarini xarid qilish;
  • raqamlashtirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
  • ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish;
  • asosiy vositalarni sotib olish;
  • aylanma mablag‘larni to‘ldirish;
  • dual ta‘lim jarayonida ishtirok etuvchi tashkilotning mutaxassislari hamda o‘quvchilarga tashkilot tomonidan biriktirilgan ustozlarni rag‘batlantirish.

Dual ta‘lim dasturlari ishtirokchilariga malakali mutaxassislar orasidan albatta ustoz biriktirilishi shart. Tashkilot o‘quvchilar bilan mehnat shartnomalari tuzishi va ularga ish haqi to‘lashi lozim.

Shuningdek, texnikum bilan dual ta‘lim dasturini tashkil etish to‘g‘risida yozma shartnoma mavjud bo‘lishi talab etiladi. Bundan tashqari, ariza topshirishdan avval tashkilot o‘quv muassasasi bitiruvchilarini ishga qabul qilgan bo‘lishi kerak.

Dual ta‘lim dasturi ishga tushirilgandan so‘ng ikki hafta ichida tijorat bankiga imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risida ariza topshirish mumkin. Arizaga tashkilotning ta‘sis hujjatlari, dual ta‘lim to‘g‘risidagi shartnoma nusxalari, dastur ishtirokchilari ro‘yxati, shuningdek kredit mablag‘laridan foydalanish rejasi ilova qilinishi lozim.

Bank hujjatlar to‘plamini 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Agar imtiyozli kredit ajratish maqsadga muvofiq deb topilsa, tashkilot bu haqda 3 ish kunidan kechiktirmay tegishli xabarnomani oladi.

Rad etilgan taqdirda, bank bir hafta ichida rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda yozma javob taqdim etishi shart. Bunday holda, tashkilot uch ish kuni mobaynida qaror ustidan bankka (ichki apellyatsiya organiga), nizolarni sudgacha hal qilish organlariga, Markaziy bankka, shuningdek sud orqali shikoyat qilishi mumkin.

Spot, avvalroq, texnikum direktorlari va ularning o‘rinbosarlariga menejerlik sertifikati berilishi haqida yozgandi.