Avvalroq prezident barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, Saxovat va ko‘mak, Ayollar daftari hamda Yoshlar daftari jamg‘armalari saqlab qolinadi. Ularning mablag‘larini tasarruf etish hamda ular hisobidan ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish vakolatlari tuman shtablariga o‘tkaziladi.

2027-yil 1-yanvardan aholining ijtimoiy yordam va xizmatlarga muhtojligini o‘rganish hamda Ijtimoiy reyestrga kiritishda ko‘p o‘lchovli baholash tizimi joriy etiladi.

Bunda oilaning moliyaviy holatidan tashqari, oila a‘zolaridagi surunkali kasalliklar, nogironlik, tashqi mehnat migratsiyasi va oilaning ko‘p bolali ekanligi kabi mezonlar ham hisobga olinadi.

Ko‘p o‘lchovli baholash doirasida oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati balli skoring tizimi orqali baholanadi. Natijalariga ko‘ra, oilalar tegishli toifalarga ajratilib, ijtimoiy yordam va xizmatlar bilan qamrab olinadi.

Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan xotin-qizlarga homiladorlik va tug‘ish ta‘tili tugagan kundan boshlab farzandi bir yoshga to‘lguniga qadar bola parvarishi nafaqasi to‘lanadi.

Nafaqa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.

Bundan tashqari, Ijtimoiy reyestrning “davlat ta‘minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalar a‘zolariga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida foizsiz kreditlar ajratiladi.

Buning uchun 2026-yilda qo‘shimcha 100 mlrd so‘m, 2027-yilda esa 300 mlrd so‘m ajratiladi.


Spot, avvalroq, Olmaota — Toshkent poyezdida ayollar uchun maxsus vagon paydo bo‘lishi haqida yozgandi.