Qozog‘istonning “Yo‘lovchi tashish” kompaniyasi Olmaota — Toshkent — Olmaota (№½) yo‘nalishida qatnaydigan poyezd tarkibiga ayollar uchun maxsus vagon qo‘shadi. Bu haqda kompaniyaning bosh tashkiloti Qazaqstan Temir Joly xabar berdi.
Ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadigan yangi vagon xalqaro poyezd tarkibida 1-oktabrdan paydo bo‘ladi. Unda chiptalar faqat ayollarga sotiladi.
Biroq katta yoshli ayol hamrohligida 7 yoshdan oshmagan o‘g‘il bolalarning vagonda yurishiga ruxsat beriladi.
Ayollar vagoniga chiptani temiryo‘l kassalari yoki bilet.railways.kz sayti orqali xarid qilish mumkin. Chipta maxsus “JN” belgisi bilan ajratib ko‘rsatiladi.
Olmaota — Toshkent poyezdi Qozog‘iston temiryo‘l operatori tarkibida ayollar uchun maxsus vagonlar mavjud bo‘lgan 14-yo‘nalish bo‘ladi.
Avval bu xizmat Olmaota-Ostona, Ostona — Chimkent va Olmaota — Chimkent kabi ichki yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilgan.
“Yo‘lovchi tashish” kompaniyasi rahbari Anuar Axmedjanov ayollar vagonlari xalqaro yo‘nalishdagi talab va yo‘lovchilar oqimining ortishi sabab joriy etilayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xizmat ishga tushirilganidan buyon undan 946 ming kishi foydalangan.
Olmaota — Toshkent xalqaro poyezdi har kuni quyidagi jadval asosida qatnaydi. Vaqtlar har ikki shahar uchun mahalliy vaqt bo‘yicha ko‘rsatilgan:
- Olmaotadan jo‘nab ketish — 19:05, Toshkentga yetib kelish — keyingi kuni 12:53;
- Toshkentdan jo‘nab ketish — 14:41, Olmaotaga yetib kelish — keyingi kuni 08:51.
Avvalroq Spot Urganch aeroportidan Xivaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.