3-iyun kuni shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori (№276-son) qabul qilindi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, haydovchi bilan birga 60 va undan ortiq yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan, “Yevro-5” va undan yuqori ekologik standartlarga mos, M3 toifadagi (III sinfga mansub bo‘lmagan) yangi avtobus, elektrobus va trolleybuslar uchun imtiyoz joriy etiladi.

2027-yil 31-dekabrga qadar ushbu transport vositalarini O‘zbekistonga import qilishda utilizatsiya yig‘imi nol stavkada qo‘llanadi.

Joriy yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida ishlayotgan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanishi shart bo‘ladi. Bu tushumlar to‘liqligini ta’minlashga qaratilgan.

Yo‘lovchi quyidagi usullardan foydalanishi mumkin:

  • transport kartasini avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari (validatorlar) ga tekkizgan holda uni validatsiya qilish;
  • bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov turlaridan foydalanish (NFC, QR, Biometric, BLE, UWB va boshqa joriy etilayotgan texnologiyalar yordamida to‘lash);
  • ijtimoiy/transport kartasini validatorga tekkizgan holda imtiyozli yoki bepul yurish huquqini tasdiqlash.

Agar yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa yoki tasdiqlanmasa, yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, hujjat bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritiladi. Xususan, shahar chetidan 5 kmgacha yoki belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharlarning transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh rejalariga muvofiq ko‘pi bilan 12 kmgacha chetga chiquvchi yo‘nalishlar ham endilikda shahar avtobus yo‘nalishlari hisoblanadi.

Transport vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 1-sentabrgacha poytaxt jamoat transporti va shahar atrofi temir yo‘l qatnovlarida yo‘lkirani to‘lashning integratsiyalashgan tizimini, shu jumladan, “elektropoyezd-avtobus” va “elektropoyezd-metro” jozibador tarif rejalarini joriy qiladi.

2025-yilning 1-yanvaridan Toshkentdagi avtobuslarda naqd pullarni qabul qilish amaliyoti to‘xtatilib, to‘lovlar naqd pulsiz shaklga o‘tkazilgan edi.

Avvalroq Spot Toshkent metrosida avtomobillar uchun Park & Ride tizimi joriy etilishi haqida yozgan edi.