19-may k uni Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-191-son) qabul qilindi.
Hujjat bilan 2030-yilgacha metropolitenda tashiladigan kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 mln nafarga, bekatlar sonini 79 taga va liniyalar uzunligini 103 kmga yetkazish, shuningdek, harakat intervalini 2−3 daqiqagacha tushirish belgilandi.
2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylarida hamda bekatdan-bekatga o‘tish yo‘laklarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlagan holda vending apparatlari va kichik ko‘chma savdo obyektlarini joylashtiriladi.
Metro stansiyalari oldida avtoturargohlarni tashkil qilish orqali Park & Ride tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda “parkovka"dan foydalanganlarga chiptadan chegirmalar berish, to‘lovni metro chiptasi orqali qoplash joriy etiladi.
Xususiy tadbirkorlarga metropoliten tonnel va bekatlarida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Bunda ular joylarni auksion orqali ijara asosida olishlari mumkin bo‘ladi.
13-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi.
Metropolitenni 2027−2035-yillarda rivojlantirish strategiyasi doirasida metro tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yangi elektrodepolar qurish va harakat tarkiblarini yangilash rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” qilingan avtomobillar jarima maydoniga olib ketilishi haqida yozgan edi.