Endi Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillar jarima maydoniga olib ketiladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Markaz tartibli shaharni yaratish ishlarining keyingi bosqichida noto‘g‘ri joyda qoldirilgan avtomobillarga nisbatan qat’iyroq chora ko‘rishni rejalashtirmoqda.
Poytaxtning turli tumanlarida avtomobillarning piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda, to‘xtash yoki to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirilishi muntazam kuzatilmoqda. Bu esa odamlarning xavfsiz va erkin harakatlanishiga, jamoat transporti hamda maxsus texnika qatnoviga to‘sqinlik qiladi.
“Ayniqsa, bunday vaziyatlar keksalar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun qiyinchilik tug‘diradi. Shu munosabat bilan, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi”, — deyiladi xabarda.
Markaz bundan maqsad ko‘chalarda tartibni o‘rnatish, harakat xavfsizligini, jamoat joylari aholi uchun ochiq va xavfsiz bo‘lishini ta’minlash ekanini qayd etdi.
Haydovchilar to‘xtash va to‘xtab turish uchun joy tanlayotganda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga, avtomobillarni taqiqlangan, piyodalar, jamoat transporti, maxsus texnika harakatiga xalaqit beradigan yoki xavfsizlikka tahdid soladigan joylarda qoldirmaslikka chaqirildi.
Avvalroq Spot Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev 14 mingdan ortiq Damas tirbandliklarni keltirib chiqarayotgani haqida aytganini yozgan edi.