Avvalroq Spot 7-may kuni Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yaxshilash va bu boradagi ishlarni tezlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida taqdimotda bevosita aholi kayfiyatiga ta’sir qiladigan masalalar muhokama qilinganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda yagona konsepsiya asosida jamoat transportini bosqichma-bosqich rivojlantirishning ikki yillik qisqa davrga mo‘ljallangan dasturi ishlab chiqilgan.

Mirzayev oxirgi ikki yilda viloyatda 14 ta yo‘nalish bo‘yicha 110 ta avtobus harakatlanganini ta’kidladi. Hozirga kelib avtobuslar soni 418 taga, yo‘nalishlar soni esa ikki barobarga oshgan.

Bundan tashqari, yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshirgan Damas avtomobillari soni 14 mingdan ortiqni tashkil etgan.

“Damas'larning soni ko‘pligi, albatta, bu yaxshi, lekin ular tirbandlikni keltirib chiqaradi. Ikkinchidan, ular orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, [belgilangan] narxlar, tariflarning saqlanishini nazorat qilish mexanizmi og‘ir bo‘lyapti”, — dedi u.

avtomobillar, damas, tirbandlik, toshkent viloyati, zoyir mirzayev, jamoat transporti

Bugungi kunda poytaxtga tutash yettita hududda, jumladan Zangiota va Toshkent tumanlarida aglomeratsiya tizimi joriy etilib, avtobus qatnovlari 12 km hududgacha kirib boryapti.

Aholining talab va ehtiyojlari asosida yangi jamoat transporti yo‘nalishlarini shakllantirish uchun sun’iy intellekt yechimlari jalb qilinib, 14 ta yangi marshrut ishlab chiqilgan.

Ularni yo‘lga qo‘yish uchun 136 ta avtobus talab etiladi. Hozirga qadar 43 ta avtobus olib kelingan bo‘lib, ular bojxonada saqlanmoqda.

Zoyir Mirzayev prezident topshirig‘i bilan chetdan olib kiriladigan yo‘lovchi tashish texnikalari uchun utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha imtiyoz yana ikki yilga uzaytirilganini ta’kidlab, bu orqali viloyatga 230 dan ortiq avtobus olib kelish vazifasi berilganini bildirdi.

Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev yil oxirigacha 1800 ta avtobus xaridini moliyalashtirishni topshirgani haqida yozgan edi.