Avvalroq Spot 7-may kuni Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transportini yaxshilash va bu boradagi ishlarni tezlashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgan edi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida aholining 20% ga yaqini har kuni Toshkent, viloyat markazlari va yirik shaharlarga shaxsiy transport vositalari, marshrutkalar va Damas avtomobilida kelib, kechki payt o‘z aholi punktlariga qaytib ketishini ma’lum qildi.

Ushbu muammoni hal qilish uchun har bir shahar, viloyat markazlari va yirik shaharlar atrofini 12 km radiusdagi tutash hududlari bilan birga yagona transport ekotizimi sifatida brutto-shartnomalar tizimiga kiritish taklif etilmoqda.

“Bu nima beradi? Bu doimiy jamoat transportining o‘z yo‘nalishida manfaatli harakatlanishiga imkoniyat yaratadi. Yo‘lovchilarga esa shaxsiy transport vositalaridan, Damas’lardan xavfsiz jamoat transportiga o‘tishga imkon beradi”, — dedi vazir.

Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, prezident hududlardagi tumanlararo va chekka hududlarni jamoat transporti bilan ta’minlash, shuningdek, shahar transporti kabi tejamkor tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha alohida topshiriq bergan. Transport vazirligiga 10 kun muddatda tegishli takliflar va hukumat qarori loyihasini tayyorlash topshirildi.

Bundan tashqari, barcha yo‘llarda jamoat transportiga ustuvorlik berish vazifasi qo‘yildi. Barcha viloyat markazlari, yirik shaharlar va Toshkent uchun barcha yo‘nalishlar tarmog‘iga ega alohida master-rejalar ishlab chiqilgan bo‘lib, bu infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun sharoit yaratadi.

“Prezidentimiz bizga alohida topshiriq berdilar, ya’ni 2026-yil oxirigacha 1800 ta harakat tarkibini xarid qilish maqsadida tadbirkorlarga alohida bank kreditlarini olish uchun resurs ajratish, qisqa muddatga zarur imtiyozlarni berish. Bu jamoat transporti yo‘nalishidagi islohotlarning yakuniy natijasiga erishishga imkoniyat yaratadi”, — deya qo‘shimcha qildi Ilhom Mahkamov.

avtobus, ilhom mahkamov, jamoat transport, prezident, toshkent shahri, transport

Sardorbek Usmonbekov. Foto: Skrinshot

Bundan tashqari, O‘zmilliybank raisining birinchi o‘rinbosari Sardorbek Usmonbekov ham prezident yangi imtiyozli shartlarda kredit liniyalarini jalb qilish va tadbirkorlarga yangi avtobuslar sotib olish uchun mablag‘ yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bank allaqachon Xitoyning bir qator banklari bilan kelishuvlarga ega.

Joriy yilda bank 1000 ga yaqin avtobus yetkazib berish uchun jami $100 mln miqdorida kredit ajratishni rejalashtirmoqda, shundan 600 tasi gaz dvigatelli, 400 tasi esa elektrobuslar bo‘ladi. Bundan tashqari, hokimliklar va Transport vazirligi bilan birgalikda kredit portfelini shakllantirish va ushbu loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Avvalroq Spot Uzbekistan Airports Allied Biofuels kompaniyasidan “yashil” aviayoqilg‘i sotib olishi haqida yozgan edi.