Uzbekistan Airports va Allied Biofuels aviayoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda Avstraliya kompaniyasining matbuot xizmati xabar berdi.

8-may kuni Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev va Allied Biofuels bosh direktori Alfred Benedikt memorandum imzoladi. Hujjat ekologik toza (SAF) va elektrosintetik aviakerozin (e-SAF) xarid qilish sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan.

Har ikki turdagi yoqilg‘ini yetkazib berish 2030-yilda boshlanishi kutilmoqda. Hamkorlik uglerod chiqindilari nolga teng bo‘lgan transport infratuzilmasini rivojlantirishga va O‘zbekistonning barqaror aviatsiya sohasidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan, deyiladi xabarda.

“Uzbekistan Airports O‘zbekiston aviatsiya sektorini modernizatsiya qilishni davom ettirar ekan, barqaror aviatsiya yoqilg‘ilarini joriy etish bo‘yicha amaliy yo‘llarni o‘rganishda Allied Biofuels bilan ushbu muhim qadamni tashlayotganidan mamnun”, — deya ta‘kidladi Umarxo‘jayev.

O‘z navbatida, Alfred Benedikt memorandumni “Allied Biofuels uchun muhim bosqich” deb atadi. U kompaniyaning O‘zbekistonga ekologik aviatsiyaga o‘tishda yordam berishga sodiqligini ta‘kidladi.


Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov 2025-yil sentabr oyida Alfred Benedikt bilan muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda Allied Biofuels avgust oyidayoq aviayoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasining asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvni imzolagani ma‘lum bo‘ldi.

Loyiha tafsilotlari prezident huzurida Xorazmni isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma‘lum bo‘ldi. Kompaniya birinchi bosqichda vodoroddan “yashil” aviayoqilg‘i va dizel ishlab chiqaradigan zavod qurilishiga $820 mln sarmoya kiritishni taklif qildi.

Aprel oyida Allied Biofuels Xorazm viloyati hokimligi bilan loyihani amalga oshirish bo‘yicha bitim imzoladi. O‘shanda xabar qilinganidek, zavod 160,4 ming tonna SAF aviayoqilg‘isi, 257 ming tonna elektrosintetik yoqilg‘i (e-SAF) va 5 ming tonna dizel ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Korxona yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun havodan karbonat angidrid gazini ushlab qoladi, shuningdek, elektroliz orqali olingan vodoroddan foydalanadi. Kompaniya majmuani elektr energiyasi bilan ta‘minlaydigan 4,45 GVt quvvatli qayta tiklanuvchi energiya tizimini hamda sig‘imi 1600 MVt⋅soat bo‘lgan akkumulyator majmuasini qurishni rejalashtirmoqda.

Spot, avvalroq, Uzbekistan Airports Toshkent aeroporti oldidagi avtoturargohlarni 3 yilga ijaraga berishi haqida yozgandi.