Uzbekistan Airports Toshkent aeroportining xalqaro terminali oldidagi avtoturargohlardan foydalanish huquqi uchun onlayn-auksion o‘tkazadi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.

Lot umumiy maydoni 40 649 kvadrat metr bo‘lib, 1543 ta avtomobilga mo‘ljallangan oltita avtoturargohni (P1, P3, P4, P5, P7 va P8) o‘z ichiga oladi. Kompaniya kuzatuv kengashi 29-aprel kuni obyektlarni ijaraga berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ijara muddati 3 yilni tashkil etadi. Bo‘lajak avtoturargoh operatori obyektlarning kecha-yu kunduz faoliyatini yuritish, ularga xizmat ko‘rsatish va ularni qo‘riqlash, shuningdek, obodonlashtirish, rekonstruksiya qilish hamda kengaytirish ishlariga sarmoya kiritish majburiyatini oladi.

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida infratuzilmani to‘laqonli rivojlantirish doirasida obyektlarni raqamli navigatsiya bilan ta‘minlash va yangi to‘lov usullarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bo‘sh o‘rinlar soni haqidagi ma‘lumotlarni ko‘rsatuvchi tablo hamda elektromobillar uchun quvvatlash shoxobchalari o‘rnatilishi kutilmoqda.

Shuningdek, ijarachining zimmasiga avtoturargohlarni to‘liq raqamlashtirish vazifasi yuklanadi, jumladan:

  • avtoturargohni boshqarish va avtoraqamlarni tanib olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
  • avtomatik boshqariladigan shlagbaumlarni o‘rnatish;
  • oldindan to‘lanadigan avtoturargoh kartalari tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • avtoturargohdan joy band qilish uchun mobil ilovani ishga tushirish.

Ijara haqi auksionda aniqlanadigan qat‘iy qism va o‘zgaruvchan qismdan — tushumning 5% idan iborat bo‘ladi. Operator Uzbekistan Airports kompaniyasiga hisobotlar taqdim etishi va hisobga olish tizimlaridan foydalanish imkoniyatini ta‘minlashi shart.

Boshlang‘ich qat‘iy to‘lov — yiliga 48,778 mlrd so‘m (QQSsiz). Kommunal xizmatlar, jumladan, hududni tozalash, chiqindilarni olib chiqish va elektr energiyasi uchun to‘lovlar alohida to‘lanadi.

Da‘vogar kompaniyaning soliqlar bo‘yicha qarzdorligi, davom etayotgan sud jarayonlari bo‘lmasligi yoki ta‘sischilari offshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lishi kerak. Batafsil talab va shartlar bilan E-auksion platformasida tanishish mumkin.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun yer ijarasining yangi tartibi joriy etilayotgani haqida yozgandi.