Prezident 24-aprel kuni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
1-maydan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni realizatsiya qilishning yangi tartibi qo‘llaniladi. 2025-yil fevralda bu tizim faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi yer uchastkalariga tatbiq etilgan edi.
Yangi tartib yer konturlarining yaxlitligi va sug‘orish tizimlarining ishlashini saqlagan holda yerlarni auksionga chiqarishni nazarda tutadi. Savdolarda O‘zbekistonning barcha fuqarolari va yuridik shaxslari — rezidentlari ishtirok etishi mumkin. Auksion g‘olibi yerni 49 yil muddatga ijaraga oladi va yetishtiriladigan ekinlar, ularning navlari va hajmini mustaqil belgilash huquqiga ega bo‘ladi.
Lotning maydoni 3 gektardan 50 gektargachani tashkil etadi. Biroq Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlarining takliflariga ko‘ra, sanoat plantatsiyalari va chorvachilik ehtiyojlari uchun 500 gektargacha bo‘lgan lotlarni auksionga chiqarishga ruxsat etiladi.
Yerning boshlang‘ich narxi uning normativ qiymatining 50%i miqdorida belgilanadi. Agar lotni realizatsiya qilishning imkoni bo‘lmasa, har bir takroriy auksionda uning narxi normativ qiymatning 10% iga yoki auksionni tashkil etish xarajatlari summasiga yetgunga qadar 10% ga pasaytirib boriladi.
Yaylov va lalmi yerlar uchun boshlang‘ich narx yer uchastkasi normativ qiymatining 1%i miqdorida — lotni auksionga qo‘yish, yer tuzish loyihasini ishlab chiqish, yerni oborotga kiritish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash, shuningdek, ijara huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi xarajatlariga teng summada belgilanadi.
Paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashgan yer ijaradorlari yer uchastkasining yarmidan ixtiyoriy voz kechgan taqdirda, qolgan yerga ijara huquqlari 49 yilga uzaytiriladi. Biroq ular ushbu ijara huquqlaridan bank krediti uchun garov sifatida foydalana olmaydi.
Olti oy muddatda hokimliklar zaxirasidagi sug‘orish imkoniyati mavjud bo‘lgan 100 ming gektar bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligi yerlarini takroriy auksionlarga chiqarish topshirildi.
Shuningdek, uzoq vaqt davomida onlayn-auksionlarda realizatsiya qilinmagan 117,6 ming gektar yer maydonini takroriy auksionlarga chiqarish maqsad qilingan.
21-aprel kuni prezident raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2026-yili 100 ming gektar yer yangi tartib asosida auksionga chiqarilishi taʼkidlangandi.
Spot, avvalroq, fermerlarga Sea Breeze Uzbekistan uchun olingan yerlar evaziga kompensatsiya to‘langani haqida yozgandi.