Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yana-da samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oxirgi besh yilda 616,3 ming gektar yer auksion orqali ajratildi, budjetga 1,4 trln so‘m tushum taʼminlandi.

Yerning haqiqiy egasi paydo bo‘lishi natijasida har bir gektardan olinayotgan daromad 3 karra oshib, 50−60 mln so‘mga yetgan. Bugun ushbu yerlarda har yili 539 trln so‘mlik mahsulot yetishtirilib, $2,1 mlrdlik eksport amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan qator masalalar ham borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, yerlar auksion orqali ajratilayotgan bo‘lsa-da, ijarachilarning undan foydalanishdagi mustaqilligi hali yetarli emas. Shu sababli 117,6 ming gektar yer hozirgacha sotilmasdan turibdi.

Shu bois, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning yangi tizimini qo‘llash, joriy yilda yana 100 ming gektar yerni yangi tartib asosida auksionga chiqarish rejalashtirilgan. Bu borada, ayniqsa, yerdan foydalanishda iqtisodiy rag‘batlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

O‘tgan yili vodiy viloyatlari, Jizzax, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda sotilgan yerlarda ekinlarni mustaqil joylashtirish bo‘yicha joriy etilgan tajriba yaxshi samara bergani taʼkidlandi.

Xususan, 2025-yilda 20 ming gektar yerning 16 ming gektarida tadbirkorlar o‘zlari tanlagan yuqori daromadli va eksportbop ekinlarni ekib, $150 mlnlik eksport imkoniyani yaratgan. Endi ushbu tajribani kengaytirish, yerdan foydalanuvchilarga yana-da ko‘proq iqtisodiy erkinlik berish muhimligi qayd etildi.

Sanoatlashgan plantatsiya va chorvachilik loyihalari uchun 50 gektardan 500 gektargacha yer uchastkalarini auksionga chiqarish, shu asosida joriy yilning o‘zida har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik loyihalarni boshlash belgilandi.

Ushbu loyihalar uchun suv va elektr taʼminoti xarajatlarini qoplab berish, 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yilgacha arzon kreditlar ajratish, kredit foiz stavkalarini kompensatsiya qilib berish, yetishtirilgan mahsulotni qadoqlash xarajatlarining 50% gacha qismini subsidiyalash kabi qator moliyaviy qo‘llab-quvvatlash joriy etilishi taʼkidlandi.

Mart oyida qabul qilingan qonun bilan yo‘l bo‘yida servis obyektlari uchun yerlar onlayn auksionga chiqarilishi belgilangandi. Bunda yer toifasini o‘zgartirish tartibi soddalashtirildi, davlat mulkini sotib olishda esa yangi soliq mexanizmi joriy etildi.

Spot, avvalroq, Farg‘onada yer ajratish evaziga $101 ming talab qilgan soliqchi ushlangani haqida yozgandi.