Sea Breeze Uzbekistan sayyohlik majmuasi uchun olingan yerlar evaziga fermerlarga kompensatsiya to‘lab berildi. Bu haqda Spot‘ga Agalarov Development kompaniyasi matbuot xizmati xabar qildi.

“Loyiha uchun yer uchastkalari jalb qilingan fermer xo‘jaliklariga kompensatsiya to‘lovlari to‘liq hajmda amalga oshirildi. Mablag‘lar Toshkent viloyati hokimligi manziliga o‘tkazildi va hokimlik belgilangan tartibda fermerlarga to‘lovlarni amalga oshirdi”, — deyiladi xabarda.

Spot suhbatlashgan fermerlardan biri investitsiya loyihasi doirasida olingan yer uchun kompensatsiya olganini tasdiqladi.

2025-yil avgust oyida Investitsiyalar bo‘yicha hukumat komissiyasi Agalarov Development ishtirokida tashkil etilgan Sea Breeze Uzbekistan QKning Bo‘stonliq tumanida 577 gektar maydonda umummavsumiy kurort majmuasini yaratish bo‘yicha taklifini eng yaxshi deb topgandi. Loyihaning bosh rejasini ishlab chiqishga Britaniyaning Scott Brownrigg kompaniyasi jalb etilgan.

Sea Breeze Uzbekistan QK majmua qurilishi uchun yerni 25 yilga, uzaytirish bo‘yicha ustunlik huquqi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga oldi. Kamaytiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda ijara narxi 17 mlrd so‘mni tashkil etdi va ijarachi uni 5 yil davomida bo‘lib to‘lashi mumkin (bozor bahosi — 1,7 trln so‘m).

Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va yer uchastkalari ijarachilariga yetkazilgan zararni Sea Breeze Uzbekistan tomonidan Toshkent viloyati budjetiga o‘tkaziladigan $5 mln hisobidan qoplash rejalashtirilgan edi. Shuningdek, “qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan” foydalanishga ham ruxsat berilgan.

Yanvar oyidagi jamoatchilik eshituvlarida yer uchastkalarini baholashning yangi metodikasi qo‘llanilayotgani ma‘lum bo‘ldi, bu esa to‘lovlarning kechikishiga olib keldi. Endilikda hisob-kitobga yerdan foydalanish huquqi, daraxtlar qiymati va hosildorlik darajasi ham kiritilmoqda. Masalan, agar yer uchastkasi 49 yilga berilgan bo‘lib, fermer undan 30 yil foydalangan bo‘lsa, kompensatsiya qolgan 19 yillik foydalanish huquqi uchun hisoblanadi.

“Oddiy til bilan aytganda, oldingi metodikada [baholash] 1 so‘mdan hisoblangan bo‘lsa, yangi metodikada bu 2 so‘m deb hisoblanmoqda. Biz fermerlar manfaatidan kelib chiqib, yangi metoddan foydalandik”, — degan edi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Najmiddinxo‘ja Sharipov.

Loyiha doirasida quyidagi uchastkalarni olib qo‘yish va qayta rasmiylashtirish rejalashtirilgan:

  • 17 ta fermer xo‘jaligi — 182,5 ga;
  • 2 ta dehqon xo‘jaligi — 21,7 ga;
  • hokimlikning zaxira yerlari (11 ta uchastka) — 119,5 ga;
  • Suv xo‘jaligi boshqarmasi (2 ta uchastka) — 65,2 ga;
  • O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi — 7 ta uchastka;
  • Chorvoq turistik-rekreatsion zonasi direksiyasining dam olish maskanlari — umumiy maydoni 5,5 ga bo‘lgan 2 ta uchastka.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston hukumati va Sea Breeze Uzbekistan o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolangani haqida yozgandi.