13-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxt aholisi va mehmonlari soni ortib borayotgani, shahar kengayishi va jamoat transportiga talab oshishi metropolitenni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etayotgani qayd etildi. Shuning uchun 2030-yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 mln nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5−3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, 2026−2028-yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi obyektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.
Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80−90% gacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish — yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik — Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik — Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal — Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Vagon va platformalarda raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari, kichik savdo obyektlarini joylashtirish, stansiyalar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etildi.
Prezident jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidladi. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Taqdim etilgan takliflarni ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot davlat rahbari yil oxirigacha 1800 ta avtobus xaridini moliyalashtirishni topshirgani haqida yozgan edi.