Avvalroq Spot 13-may kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgan edi.
Unda avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida Park&Ride tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilindi. 2027−2030-yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shu bois yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.
Shuningdek, 2027−2035-yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda.
Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.


Yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Prezident jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va yangi boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Taqdim etilgan takliflar ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Avvalroq Spot davlat rahbari yil oxirigacha 1800 ta avtobus xaridini moliyalashtirishni topshirgani haqida yozgan edi.

