Avvalroq Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi jamoat transportida yo‘l haqi tariflarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygani haqida xabar berilgandi.

Loyihaga ko‘ra, 1-oktabrdan avtobus va metroda bir martalik elektron to‘lovni amaldagi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirish taklif qilinmoqda. Naqd to‘lov 3000 so‘m, bagaj tashish haqi esa 4000 so‘m miqdorida qoladi. Barcha tariflar QQS bilan ko‘rsatilgan.

Shuningdek, doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar va avtobus hamda metro o‘rtasida almashib foydalanish uchun alohida tariflarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Transport vazirligi loyiha bo‘yicha izoh berib, yo‘l haqi narxining har qanday o‘zgarishi aholining kundalik xarajatlariga bevosita ta’sir qilishini bildirdi. Shu bois jamoat transportining xarajatlari nimalardan iboratligini va yo‘lovchi buning evaziga qanday xizmat olishi kerakligini ochiq tushuntirish kerak.

Hozirda Toshkent jamoat transporti kuniga qariyb 2,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. So‘nggi yillarda avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashgan, ularning o‘rtacha qatnov oralig‘i esa 30 daqiqadan 15 daqiqagacha qisqargan.

Vazirlik harakat tarkibini sotib olishning o‘zi yetarli emasligini, uning har kuni yo‘nalishga chiqishini va texnik sozligini ta’minlash zarurligini qayd etdi. Xarajatlarga mashinistlar, haydovchilar va texnik xodimlarning ish haqi, yoqilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar va shinalar, texnik xizmat va ta’mirlash, depo va quvvatlantirish infratuzilmasini saqlash, salonlarni tozalash, shuningdek, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlarining ishlashi kiradi.

“Amaldagi tarif bu xarajatlarning faqat bir qismini qoplaydi. Tashuvlarni moliyalashtirish bo‘yicha asosiy yuk hamon davlat budjeti zimmasida qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Transport vazirligi tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan talablar bilan birga ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirdi. Bunda qatnovlarning muntazamligi, oraliq vaqtga amal qilish, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi hamda xizmat ko‘rsatish sifati kabi talablar nazarda tutilmoqda.

Qaror loyihasi 19-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Barcha taklif va mulohazalar yakuniy qarorni tayyorlash jarayonida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik muhokamasi yakunlanmaguniga qadar tariflarni o‘zgartirish bo‘yicha qaror qabul qilinmagan.

Avvalroq Spot Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni oshgani haqida yozgan edi.