Toshkent jamoat transportida yo‘lkira tariflarini yangilash bo‘yicha Xalq deputatlari poytaxt Kengashining qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, 2026-yilning 1-oktabridan boshlab avtobus va metroda amalga oshiriladigan bir martalik elektron to‘lovni 2500 so‘m etib belgilash taklif etilmoqda. Hozirda bu 1700 so‘mni tashkil etadi.

Shu bilan birga, naqd puldagi to‘lovlar 3 ming so‘m, bir yo‘lovchining bagajini tashish xizmati uchun esa to‘lov 4 ming so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoladi. Barcha narxlar QQS bilan keltirilgan.

Loyihada transport kartalari uchun qatnovlar soniga qarab turli tarif rejalarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan. Masalan, faqat avtobus uchun 1 kunlik tarif 11,5 ming so‘m, 5 kunlik tarif 42,5 ming so‘m, 30 kunlik tarif esa 250 ming so‘m bo‘ladi. Bir yilga mo‘ljallangan tarif 1,95 mln so‘m etib belgilanmoqda.

Avtobus va metrodan birgalikda foydalanish uchun 1 kunlik tarif 13,5 ming so‘m, 30 kunlik tarif 345 ming so‘m, yillik tarif esa 2,7 mln so‘m bo‘lishi taklif etilgan.

Cheksiz tarifi — faqat avtobus uchun

Muddat
Qatnovlar soni
Chegirma
Narxi
1 kun (24 soat)
6







23%
11 500 so‘m
5 kun
22
42 500 so‘m
1 hafta (7 kun)
28
54 000 so‘m
10 kun
44
84 500 so‘m
15 kun
66
127 000 so‘m
20 kun
88
169 500 so‘m
30 kun
130
250 000 so‘m
1 oy
130
250 000 so‘m
3 oy (90 kun)
390
30%
682 500 so‘m
6 oy (180 kun)
780
40%
1 170 000 so‘m
1 yil (365 kun)
1 560
50%
1 950 000 so‘m

Transport kartasining cheksiz tarif rejasi — avtobus + metro

Muddat
Qatnovlar soni
Chegirma
Narxi
1 kun (24 soat)
7








23%
13 500 so‘m
5 kun
30
57 500 so‘m
1 hafta (7 kun)
38
73 000 so‘m
10 kun
60
115 500 so‘m
15 kun
90
173 000 so‘m
20 kun
120
231 000 so‘m
30 kun
180
345 000 so‘m
1 oy
180
345 000 so‘m
3 oy (90 kun)
540
30%
945 000 so‘m
6 oy (180 kun)
1 080
40%
1 620 000 so‘m
1 yil (365 kun)
2 160
50%
2 700 000 so‘m

Shuningdek, transport kartalari orqali 10, 20 va 30 martalik safarlar paketlari ham belgilanadi. Ularning narxi 23% chegirma bilan mos ravishda 19 ming, 38,5 ming va 57,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Loyihada bir soat ichida avtobus va metro o‘rtasida almashib foydalanish uchun alohida tariflar ham nazarda tutilgan. Masalan, birinchi avtobus uchun 2,5 ming so‘m, ikkinchi avtobus uchun 1,5 ming so‘m, uchinchi va undan keyingi avtobuslarda esa to‘lov olinmaydi. Metrodan foydalanilganda ham belgilangan almashish tartibiga qarab 1,5 ming so‘mlik to‘lov qo‘llanadi.

Bir soatlik tarif bo‘yicha hisob yo‘lovchi birinchi transportga chiqqan vaqtdan boshlanadi. Metrodan ushbu tarif doirasida bir soat ichida faqat bir marta foydalanish mumkin. Metrodan ikkinchi marta foydalanilganda yangi 60 daqiqalik hisob davri boshlanadi.

Qaror loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 19-sentabrgacha davom etadi.

Avvalroq Spot Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni oshgani haqida yozgan edi.