Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Google vitse-prezidenti Karan Bhatiya bilan uchrashdi.
Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, uchrashuvda O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish masalasi muhokama qilingan.
Uning qayd etishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda shaxsga doir ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirilgan.
Bu esa O‘zbekistonda xalqaro to‘lov tizimlaridan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
“Kompaniya bilan juda ko‘p yo‘nalishda hamkorlik qilish imkoniyati bor. Oldimizda esa katta va muhim vazifalar turibdi”, — dedi Mirziyoyeva.
YouTube monetizatsiyasi
YouTube’ning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, YouTube Partner Program (YPP) O‘zbekistonda hozircha mavjud emas. YPPga kirish uchun ijodkor dastur mavjud bo‘lgan mamlakat yoki hududda yashashi kerak.
YouTube monetizatsiyasi 108 ta davlatda yoqilgan bo‘lib, Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat Qozog‘istonda mavjud. Rossiya (sanksiyalar sabab), Xitoyda ham xizmat yoqilmagan.
2018-yilda sentabrda O‘zbekistonda Facebook, oktabrda YouTube va boshqa xizmatlardan foydalanish muammolari boshlangandi.
2021-yilda may oyida YouTube O‘zbekistonga pul to‘lashni to‘xtatgandi. Biroq YouTube bu cheklov bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot bermadi.
2023-yilda YouTube‘ning O‘zbekistondagi monetizatsiyasiga cheklov olib tashlanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
O‘sha paytda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov hamda Administratsiya Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
Avvalroq Spot YouTube sun’iy intellekt orqali yaratilgan videolarni monetizatsiya qilishni kamaytirishi haqida yozgandi.