“YouTube"ning Oʻzbekistondagi monetizatsiyasiga cheklov olib tashlanishi mumkin. Bu haqda prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Prezident Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Komil Allamjonov hamda Administratsiya Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda “Google” (YouTube) kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhokama qilindi, shuningdek, koʻplab blogerlarning YouTube monetizatsiyasining cheklanishiga oid murojaatlari yuzasidan kompaniya vakillari bilan uchrashuv tashkil etish va vaziyatni oʻrganish boʻyicha kelishib olindi.

2018-yilda sentabrda O‘zbekistonda Facebook, oktabrda YouTube va boshqa xizmatlardan foydalanish muammolari boshlangandi.

2021-yilda may oyida “YouTube” O‘zbekistonga pul to‘lashni to‘xtatgandi. Biroq YouTube bu cheklov bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot bermadi.

Keyinchalik noyabr oyida Telegram, Youtube, Instagram, Facebook va Odnoklassniki faoliyati cheklangandi.

2022-yil 1-avgustdan O‘zbekistonda “Twitter” va boshqa tarmoqlardan to‘siqlarsiz foydalanish imkoniyati tiklangandi.

Xabarga koʻra, “Twitter”, “WeChat” hamda “ВКонтакте” ilovalari blokdan yechilgan. “TikTok"ni ham blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

2021-yil yozida “TikTok”, “Twitter”, “Skype”, “WeChat” va “ВКонтакте” tarmoqlariga cheklov qoʻyilgandi.

Cheklovga mazkur tarmoqlar Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsiga oid maʼlumotlarni mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab boʻlgan.

Bu qaror ijtimoiy tarmoqlar faollari tomonidan tinimsiz tanqidlarga uchrab kelayotgan boʻlsa-da, blok hamon ochilmay qolayotgan edi.