Adobe kompaniyasi Premiere video montaj dasturining Android uchun mobil versiyasini taqdim etdi.
Ilova foydalanuvchilarga smartfonning o‘zida professional darajada video tahrirlash imkonini beradi.
Android uchun Premiere’da ko‘p trekli timeline mavjud bo‘lib, video, musiqa, ovozli izoh, matn va boshqa elementlarni bir vaqtning o‘zida tahrirlash mumkin. Ilova 4K videolarni tahrirlash va eksport qilishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Dasturda Enhance Audio funksiyasi ham mavjud. U fon shovqinlarini kamaytirib, ovoz yozuvlarini tiniqlashtirishga yordam beradi.
Premiere’ning Android versiyasiga Adobe Firefly sun’iy intellekt funksiyalari ham integratsiya qilingan. Ular yordamida videodagi ayrim elementlarni generativ tarzda to‘ldirish, rasmlardan video yaratish va ovoz effektlarini generatsiya qilish mumkin.
Foydalanuvchilar, shuningdek, Adobe Stock’dagi musiqa, effektlar va boshqa materiallardan foydalanishi, tayyor shablonlarni qo‘llashi yoki o‘z shablonlarini yaratishi mumkin.
Adobe ma’lumotlariga ko‘ra, ilovada reklama va watermark yo‘q. Asosiy montaj funksiyalari bepul taqdim etiladi, ayrim generativ ЫI imkoniyatlari va qo‘shimcha resurslar esa pullik bo‘lishi mumkin.
Ilova Android 13 yoki undan yangi versiyada ishlaydigan, kamida 5 GB tezkor xotiraga ega qurilmalar uchun Google Play’da mavjud.
Kompaniya kelgusida Android versiyasiga Adobe Fonts, takomillashtirilgan subtitrlar, keyframe, crop va beat detection kabi funksiyalarni qo‘shishni, shuningdek, montajni kompyuterdagi Premiere’da davom ettirish imkoniyatini joriy etishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Spot ChatGPT, Claude va Gemini moliyaviy savollarning 57% ida xato qilgani haqidagi tadqiqot natijalarini yozgandi.