Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdan boshlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Aeroport 1978-yilda ishga tushirilib, 2013-yilda unga xalqaro maqom berilgan. Umumiy maydoni 243,4 gektar bo‘lgan obyektda 100 nafar xodim mehnat qiladi. Vaqt o‘tishi bilan havo bandargohini zamon talablariga moslashtirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish zarurati yuzaga keldi.

Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trln so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda aeroport infratuzilmasi tubdan yangilandi. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak barpo etildi. Shuningdek, 10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi.

Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi o‘rnatildi. Bu aeroportga tungi vaqtda va quyuq tuman sharoitida ham havo kemalarini xavfsiz qabul qilish imkonini beradi.

Ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham samolyotlar qo‘na oladi. Endilikda aeroport keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega.

Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi davom etmoqda. Uning doirasida umumiy maydoni 19 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli zamonaviy terminal binosi barpo etilmoqda. Ilgari aeroport soatiga 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, yangi terminal ishga tushgach, bu ko‘rsatkich besh barobar oshadi. Aeroport hududida yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va aqlli xizmatlar joriy etiladi.

Davlat rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdimot qilindi. Prezident zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish bo‘yicha masʼullarga topshiriqlar berdi.

Bugungi kunda Andijon xalqaro aeroporti orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda yettita aviakompaniyaning muntazam qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2,5 mingtagacha oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yiliga 3,5 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Amalga oshirilayotgan ishlar andijonliklar va viloyat mehmonlari uchun transport qulayligini oshirib, hududning iqtisodiy va sayyohlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Aeroport atrofida zamonaviy servis obyektlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi

Terminalni rivojlantirish ishlari 2025-yil mart oyida yakunlangan aeroport aerodrom majmuasining keng ko‘lamli rekonstruksiyasidan keyin boshlangan. Xususan, uchish-qo‘nish yo‘lagi, rulyaj yo‘llari va samolyotlar turargohi kengaytirilib, yangi yorug‘lik-signal uskunalari o‘rnatilgan.

Keyingi modernizatsiya doirasida yirik samolyotlar uchun 10 ta turargoh va ikkita yangi rulyaj yo‘lagi, jumladan, bittasi tezkor rulyaj yo‘lagi qurilmoqda.

Yangilangan infratuzilma aeroportga yirikroq samolyotlarni qabul qilish imkonini berdi. 3-iyul kuni Andijon ilk bor Flyadeal aviakompaniyasining Madinadan 354 yo‘lovchi bilan kelgan Airbus A330 samolyotini muntazam reysda qabul qildi.

4-avgust kuni esa aeroport tarixida ilk bor Challenge Air Cargo aviakompaniyasining yuk tashuvchi Boeing 747−400 samolyoti qabul qilindi.

2026-yilning birinchi yarmida Andijon aeroportining yo‘lovchi oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2249% ga oshdi. Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, bunday keskin o‘sish past bazaviy ko‘rsatkich effekti bilan bog‘liq.

Avgust oyida Uzbekistan Airports jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur yakunlari bo‘yicha axborot berib, Andijon aeroportining yangi yo‘lovchi terminalini 2026-yil oxirigacha qurish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgan edi.


Spot, avvalroq, Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasi savdoga qo‘yilgani haqida yozgandi.