Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent aeroportida samolyotlarga aviayoqilg‘i quyish majmuasi bo‘yicha ommaviy savdolar boshlanganini e‘lon qildi.
Lot Toshkent shahrining Sergeli tumanida, Qumariq ko‘chasi bo‘ylab joylashgan. Obyektning umumiy maydoni 11 gektarni, bino va inshootlar maydoni esa 6076 kvadrat metrni tashkil etadi.
Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida Ernst & Young (EY) kompaniyasi ishtirok etmoqda. Savdolar mahalliy va xalqaro ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lib, ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Birinchi bosqichda talabgorlar qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalarni (Express of Interest, EoI) taqdim etishlari kerak. Ularga quyidagilarni ilova qilish talab etiladi:
- ariza beruvchi to‘g‘risidagi qisqacha ma‘lumot, shu jumladan ro‘yxatdan o‘tganligi va faoliyat turi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
- ustav kapitalining 5% i va undan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi aksiyadorlar (ishtirokchilar), shuningdek, yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risidagi ma‘lumotlar;
- so‘nggi 3 yillik moliyaviy hisobot.
Arizalar rus, o‘zbek yoki ingliz tillarida tayyorlanishi mumkin. Hujjatlar to‘plami daniyar.adigamov@parthenon.ey.com (Doniyor Adigamov) yoki a.mullajonov@davaktiv.uz (Abror Mullajonov) elektron pochta manzillari orqali qabul qilinadi.
EoIni topshirishning oxirgi muddati — 23-oktyabr, Toshkent vaqti bilan soat 23:59.
Barcha arizalar belgilangan mezonlarga, jumladan, moliyaviy resurslarning yetarliligi va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi. Shuningdek, talabgor AQSH, Yevropa Ittifoqi yoki yirik xalqaro moliya institutlari sanksiyalari ostida bo‘lmasligi kerak.
Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha saralangan ishtirokchilar keyingi harakatlar ko‘rsatilgan jarayon tartibi to‘g‘risidagi xatlarni (Process Letter) oladi. Ular bilan ma‘lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risida bitim (NDA) tuziladi, shundan so‘ng ular virtual ma‘lumotlar xonasiga va keng qamrovli tekshiruv yakunlari bo‘yicha maslahatchi hisobotlariga kirish huquqiga ega bo‘ladilar.
Majburiy taklifni topshirishdan oldin talabgorlar E-auksion orqali taklif etilayotgan summaning kamida 1% ini kafolat to‘lovi (zakalat) sifatida to‘lashlari kerak.
Shuningdek, bitimning asosiy shartlari to‘g‘risidagi kelishuvni (Term Sheet) imzolash shart. Unda aktiv faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda xususiylashtirish va kelgusidagi faoliyatga qo‘yiladigan talablar belgilanadi.
Qo‘shimcha ma‘lumotlarni +998 50 990−00−98 va (+998) 71 259−22−16 telefon raqamlari orqali olish mumkin.
Spot, avvalroq, Humo Air aviakompaniyasi davlatga qaytarilgach, yana sotuvga chiqarilishi haqida yozgandi.