Andijon xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali qurilishi davom etmoqda. Uni 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. Bu haqda jurnalistlar uchun tashkil etilgan press-tur yakunlari bo‘yicha Uzbekistan Airports matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi terminalning maydoni 19 650 kv. metrni tashkil etadi. Bu 1979-yilda qurilgan amaldagi aeroport majmuasidan qariyb 8,2 baravar katta.

Uning o‘tkazuvchanlik quvvati ham besh baravarga — soatiga 200 nafardan 1000 nafargacha oshadi. Loyiha yakunlangach, aeroport yiliga qariyb 1 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.

17-avgust holatiga ko‘ra, bino qurilishining 40% ga yaqini bajarilgan. Drenaj tizimi, poydevor uchun asos tayyorlash va betonlash ishlari to‘liq yakunlangan.

Modulning 13 104 kv. metrlik metall konstruksiyalari ham 100% o‘rnatilgan. Birinchi qavat polini betonlash va armatura karkasini o‘rnatish ishlari 90 foizga bajarilgan.

Loyiha Uzbekistan Airports tomonidan davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida xususiy investor jalb qilinmagan holda mustaqil amalga oshirilmoqda. Bosh loyihachi — Prime Tower Group, pudratchi — Marin Business Trade.

Qurilish-montaj ishlari bo‘yicha shartnoma tender yakunlariga ko‘ra 2026-yil 5-fevralda tuzilgan.

Terminalni rivojlantirish ishlari 2025-yil mart oyida yakunlangan aeroport aerodrom majmuasining keng ko‘lamli rekonstruksiyasidan keyin boshlangan. Xususan, uchish-qo‘nish yo‘lagi, rulyaj yo‘llari va samolyotlar turargohi kengaytirilib, yangi yorug‘lik-signal uskunalari o‘rnatilgan.

Keyingi modernizatsiya doirasida yirik samolyotlar uchun 10 ta turargoh va ikkita yangi rulyaj yo‘lagi, jumladan, bittasi tezkor rulyaj yo‘lagi qurilmoqda.

Yangilangan infratuzilma aeroportga yirikroq samolyotlarni qabul qilish imkonini berdi. 3-iyul kuni Andijon ilk bor Flyadeal aviakompaniyasining Madinadan 354 yo‘lovchi bilan kelgan Airbus A330 samolyotini muntazam reysda qabul qildi.

4-avgust kuni esa aeroport tarixida ilk bor Challenge Air Cargo aviakompaniyasining yuk tashuvchi Boeing 747−400 samolyoti qabul qilindi.

2026-yilning birinchi yarmida Andijon aeroportining yo‘lovchi oqimi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2249% ga oshdi. Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, bunday keskin o‘sish past bazaviy ko‘rsatkich effekti bilan bog‘liq.


Avvalroq Spot Urganch aeroportining yo‘lovchi o‘tkazish quvvati to‘rt barobardan ko‘proqqa oshirilishi haqida yozgandi.