Avvalroq prezident tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda migratsiyani tartibli tashkil etishning yangi moliyaviy mexanizmlari ham muhokama qilindi.
Xususan, chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50% ini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish, bunda mablag‘larni o‘quv markazlariga emas, fuqarolarning o‘ziga berish taklif qilindi.
Shuningdek, chet elda ishga joylashgan har bir ishchi uchun xorijiy ish beruvchi va rekruting kompaniyalarni rag‘batlantirishning yangi tartibi ko‘rib chiqildi.
Xorijda ish migratsiya platformasini yana-da takomillashtirish, unga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun yengillik hamda qulaylik yaratish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Davlat rahbari Migratsiya agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan taʼminlashga ham xizmat qilishi lozimligini taʼkidladi.
Fuqarolarni xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatiga jalb qilish bilan birga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi ham muhokama qilindi. Ularning sog‘lig‘i, yashash va mehnat sharoitlarini doimiy monitoring qilib borish zarurligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda 37 ta davlatda qo‘llab-quvvatlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 48 ming nafar fuqaroga ijtimoiy, 17 ming nafariga huquqiy, 6 ming nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgani maʼlum qilindi.
Shu bilan birga, mamlakatda vaqtincha ro‘yxatda turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ruxsatnomasiz ishlash holatlarini tartibga solish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, noqonuniy migratsiyani tahlil va prognoz qilish, norasmiy mehnatni legallashtirish, milliy qadriyatlar hamda mamlakatda bo‘lish qoidalarini tushuntirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident takliflarni maʼqullab, tashqi mehnat migratsiyasini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish, sohada raqamli yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, Niderlandiya kompaniyasi 6 ming nafar o‘zbekistonlikni ishga olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.