Shavkat Mirziyoyev tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda. Xorijda ishlayotgan fuqarolarning soni 1,2 mln nafarni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan yilga ortib bormoqda.

Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha bo‘lgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urg‘u berilgan.

Bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur.

Mazkur ehtiyojni qoplashda Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil etilgan qo‘shma taʼlim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan tashkil etilgan 12 ta Kasb + til tamoyili asosida qo‘shma taʼlim loyihalarida 8,5 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.

Endi bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish ko‘lamini 50% ga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan.

Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga o‘qitish, 6 ta sertifikat imtihonini o‘tkazish uchun sharoitlar hamda 600 o‘rinli o‘quv kampusini o‘z ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni til va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.

Shu bilan birga, qurilish sohasida betonchi, qolipchi, armatura to‘quvchi va payvandlovchilarni tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralari ko‘riladi.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilash maqsadida joylarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka o‘qitish xablarini tashkil etish taklif etildi.

Mavsumiy ish yo‘nalishlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar va turizm sektorlarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish topshirildi.

Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik 3,6 ming mutaxassis Polshaga ishga yuborilishi haqida yozgandi.