Markaziy bank birinchi chorak yakunlariga ko‘ra murojaatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan banklarni e‘lon qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, banklar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilib boriladi.
Regulyator murojaatlar indeksi eng yuqori bo‘lgan 10 ta bank ro‘yxatini e‘lon qildi. Unga ko‘ra, Biznesni rivojlantirish banki 3,34 ko‘rsatkich bilan yuqori o‘rinni egallagan. Keyingi o‘rinlarda Anor Bank (3,29) va Mikrokreditbank (3,23) qayd etilgan.
Shuningdek, ro‘yxatdan AVO Bank (2,16), TBC Bank (2,06), Davr Bank (1,85), Tenge Bank (1,72), Asakabank (1,26), Turon Bank (1,25) hamda Agro Bank (1,22) joy olgan.
Qayd etilishicha, mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha mijozlarga yetarli tushuntirish berilmayotganini hamda murojaatlarga o‘z vaqtida va sifatli javob taqdim etish bo‘yicha kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, bu takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli muammolarni bartaraf etish, masofaviy xizmatlar, to‘lovlar va kreditlar bilan bog‘liq jarayonlarni yanada takomillashtirish zarurligini anglatadi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank banklarga murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish va takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etishni tavsiya etdi.
Regulyator murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati hamda ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Markaziy bank murojaatlar indeksi bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini baholamasligini ta‘kidladi. Mazkur ko‘rsatkich faqat bank mijozlari soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Chorak davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi.
13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov fuqarolar bilan ishlash bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega banklar ochiq e‘lon qilinishini aytgandi.
Spot, avvlaroq, may oyida Markaziy bank 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.