O‘zbekistonda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha eng yomon banklar e’lon qilina boshlanadi. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.
Majlisda Senat Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Regulyator raisi aholi bilan ishlashishda yomon ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati shakllantirilishini qayd etdi
“Biz birinchi marta banklarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha indeksini ishlab chiqdik. Xudo xohlasa, keyingi haftada, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichi bo‘lgan banklarni e’lon qilishni boshlaymiz”, — dedi u.
Bir oydan so‘ng Markaziy bank o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolarning bank xizmatlari bo‘yicha murojaatlari uchun ikkita kanalni ishga tushiradi, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlarni qabul qilish mexanizmini joriy etadi. Bunda banklar bir soat ichida javob beradi va masalalarni hal qiladi.
Ishmetov Markaziy bankning o‘zida ham muammolar borligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan oyda Call-markaz yangilanib, aloqa markaziga aylantirilgan va hozirda test rejimida ishlamoqda.
Natijada murojaatlar soni taxminan olti baravarga oshdi — ilgari fuqarolar ko‘pincha Markaziy bankka qo‘ng‘iroq qila olmas edilar, shu sababli murojaatlar yetarli darajada qabul qilinmasdi. Regulyator bu bo‘yicha ma’lumotlarni bir-ikki oy ichida alohida e’lon qilish va aloqa markazi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Umuman, biz banklarning iste’molchilar bilan ishlash, ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi keng qamrovli ishlarni boshladik. Bu yildan, nasib qilsa, keskin ijobiy o‘zgarishlarni kuzatamiz”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.
Avvalroq Spot Markaziy bank avgust oyidan boshlab bankomatlardan naqd pul yechib olishdagi nosozliklar uchun banklarni jarimaga tortishi haqida yozgan edi.