Markaziy bank avgust oyidan boshlab bankomatlar orqali naqd pul yechib olishdagi nosozliklar uchun banklarni jarimaga tortishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.

Majlisda Senat Markaziy bankning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitdi. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbidin Burxanov 2025-yilda bankomatlar orqali naqd pul yechib olishda texnik nosozliklar bilan bog‘liq 290 mingta holat aniqlanganini qayd etdi: bankomatlar naqd pul bermagan yoki kartalar qolib ketgan.

Bunday holatlar bo‘yicha 10 mingga yaqin murojaat 15 kundan ortiq muddatda hal etilgan, 3 mingdan ortiq fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Senatorning ta’kidlashicha, huquq-tartibot idoralari xodimlari ushbu texnik nosozliklar tufayli jinoyatchilikning oldini olish o‘rniga yuzaga kelgan muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan.

Burxanov Markaziy bank bunday holatlarning oldini olish va aholi muammolarini tezroq hal qilish borasida qanday choralar ko‘rayotganini so‘radi.

banklar, bankomat, markaziy bank, nosozlik

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov muammo mavjudligini tan olib, bankomatlar bilan bog‘liq 291 mingta holatni yuqori ko‘rsatkich deb atadi. Shu bilan birga, u 2025-yilda bankomatlar orqali 341 mln operatsiya amalga oshirilganini, muammoli tranzaksiyalar ulushi esa atigi 0,08% ni tashkil etganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarning 85%i banklar faoliyati bilan bog‘liq emas. Ularning taxminan 20%i bankomatda kerakli nominaldagi kupyuralarning yo‘qligi, yana 20% ga yaqini kartaning bloklanishi yoki PIN-kodning noto‘g‘ri kiritilishi tufayli sodir bo‘ladi. 15% holatda aloqa yo‘qligi, yana 10% holatda esa elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab bo‘ladi. Bevosita banklar va to‘lov tizimlari operatorlariga 46 mingga yaqin holat (15%) to‘g‘ri keladi

Markaziy bank rahbari regulyator bankomatlardagi har bir operatsiyani nazorat qila olmasligini qayd etdi. Shu bilan birga, Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va banklarning mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati uchun mas’uliyatini oshirish niyatida.

“Biz me’yorlar orqali emas, balki iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan yondashishni boshladik. Ularni ishlab chiqish uzoq vaqt talab qiladi. […] Bundan buyon shunday yo‘l tutamiz-ki, biz shoshmasdan me’yorlarni ishlab chiqamiz, lekin banklarga avvaldan biz shu yo‘nalish bo‘yicha yurishimizni [tushuntirib], ko‘rsatma xatlarini chiqaryapmiz”, — dedi Ishmetov.

banklar, bankomat, markaziy bank, nosozlik

Regulyator allaqachon banklarga to‘lov infratuzilmasi sifatini oshirish va naqd pul yechib olishdagi muammolarni texnik nosozliklar emas, balki mijozlar huquqlarining ehtimoliy buzilishi sifatida ko‘rib chiqish majburiyatini yuklagan.

Shuningdek, Markaziy bank bir qator me’yoriy hujjatlarni ham tayyorladi. Ulardan birinchisi 6-avgustdan kuchga kiradi va bankomatlardan foydalanishda mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun banklarga moliyaviy jarimalar qo‘llashni nazarda tutadi.

May oyida Markaziy bank banklar va to‘lov xizmatlariga bankomatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Naqd pul berilmasligi, kartaning bankomatda qolib ketishi yoki muvaffaqiyatsiz operatsiyalar uchun komissiya ushlab qolinishi kabi holatlar iste’molchilar manfaatlariga ta’sir qilmoqda.

Avvalroq Spot banklarga mijozlarning tizimli muammolarini hal qilish majburiyati yuklatilishi mumkinligi haqida yozgan edi.