Markaziy bank tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarini bankomatlar bilan bog‘liq muammolarni tezkor hal qilishga chaqirdi.

Regulyatorga ko‘ra, kartadan mablag‘ yechilgan bo‘lsa-da, naqd pul berilmasligi, kartaning bankomatda qolib ketishi yoki muvaffaqiyatsiz operatsiyalar uchun komissiya ushlab qolinishi kabi holatlar iste’molchilarning mulkiy manfaatlariga bevosita ta’sir qiladi. Bu kabi masalalar esa ikkinchi darajali texnik muammo sifatida ko‘rilmasligi kerak.

Qayd etilishicha, bankomatda karta qolib ketganda mijozlarga murojaat holati haqida o‘z vaqtida ma’lumot berilmayapti, bank va boshqa tashkilotlar esa mas’uliyatni bir-biriga yuklamoqda, bu esa karta egalariga nisbatan adolatsiz munosabatlarni shakllantirmoqda.

Shundan kelib chiqib, Markaziy bank banklar va to‘lov servislariga bankomatlar ishini yaxshilash bo‘yicha quyidagi ko‘rsatma va tavsiyalarni berdi:

  • bankomat bilan bog‘liq muammoda harakatlar ketma-ketligini tushuntirish, komissiya haqida oldindan shaffof ma’lumot va xavfsiz foydalanish bo‘yicha tushuntirish berish;
  • naqd pul berilmasligi yoki karta qolib ketishi kabi holatlarni ustuvor murojaat deb belgilash, murojaatning ID-raqami va ko‘rib chiqish muddati haqida tasdiqnoma berish;
  • muammoni jurnallar, video, inkassatsiya dalolatnomasi kabilar orqali tasdiqlash imkoni bo‘lsa, mijozni bank ofisiga qayta-qayta chaqirmaslik va turli bo‘limlar o‘rtasida sarson qilmaslik;
  • Call-markaz, mobil ilova, sayt yoki filial orqali murojaatdan qat’i nazar, mijozga hodisa bo‘yicha bir xil sifat va mazmunga ega aniq va tushunarli ma’lumot berish;
  • “murojaatni ko‘rib chiqish"dan “kafolatlangan natija” modeliga o‘tish — puldan foydalanish imkoniyati tiklangan vaqtni hisobga olish hamda tasdiqlangan xatoliklar bo‘yicha mablag‘larni mijoz murojaatisiz “proaktiv” tarzda qaytarish;
  • ichki tartibni qayta ko‘rib chiqib, amalga oshirilmagan xizmat uchun ushlab qolingan komissiyani asosiy summa bilan birga yoki avtomatik ravishda qaytarish;
  • muvaffaqiyatsiz amaliyotlarni tezkor qayta ishlash, inson omilini qisqartirish va nosozliklarga tezkor chora ko‘rish;
  • bankomatlarning texnik holati, shu jumladan aloqa, elektr ta’minoti, UPS-tizimlari ishlashini ta’minlash, eskirganlarini almashtirish hamda ko‘cha yuzalaridagi yoki ko‘p shikoyat tushayotgan qurilmalarni profilaktik tekshirish.

Regulyator bankomatlar infratuzilmasini yaxshilash ular sonini oshirish bilan birga, xizmat sifatida ham kuzatilishi zarurligi va texnik nosozlik vaqtida mijozni muammoda qoldirmasdan tushunarli va adolatli hal etish shartligini bildirdi.

Markaziy bank bozor ishtirokchilarini mas’uliyatli bo‘lishga, iste’molchilarning huquqlari buzilishi holatlarini kamaytirish bo‘yicha tezkor amaliy choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Avvalroq Spot banklar 175 mln so‘mdan yuqori operatsiyalarda mijozlarni tekshirishni kuchaytirishi haqida yozgan edi.