Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi may oyidagi yig‘ilishlarda jami 36 ta masalani ko‘rib chiqib, tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 26 ta masala muhokama qilindi. Jumladan:
- kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish — 7 ta;
- banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatlarini taqdim etish — 2 ta;
- mikromoliya va faktoring tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish — 2 ta;
- to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyani vaqtincha to‘xtatib turish — 1 ta;
- banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish — 14 ta.
Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritmaganligi, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 2 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala ko‘rib chiqildi. Bular qatorida Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari muhokamasi bor.
Shuningdek, taqsimlanmagan foydani taqsimlash hamda tashkilotlarning moliyaviy xizmatlarini “tartibga solish qumdoni” doirasida sinovdan o‘tkazish masalalari ham majlislar muhokamasidan o‘rin oldi.
Avvalroq Spot Markaziy bank bir oyda xorijiy obligatsiyalar hajmini deyarli ikki barobarga oshirgani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, oltin zaxirasining fizik hajmi ortganiga qaramay, uning qiymati biroz kamaydi.