Ijtimoiy soliq bo‘yicha yangi imtiyozlar berishni to‘xtatish, amaldagi imtiyozlarni esa bosqichma-bosqich bekor qilib, 2030-yildan to‘liq tugatish taklif etilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayrim korxona va tashkilotlarda 12% lik ijtimoiy soliq stavkasi 1% gacha yoki 0% gacha pasaytirilgan. Natijada bir xil miqdorda ish haqi oluvchi xodimlar uchun Pensiya jamg‘armasiga turlicha miqdorda mablag‘ tushmoqda, biroq ularning kelgusidagi pensiya huquqi bir xil shakllanadi.
Masalan, 6 mln so‘m ish haqi oluvchi xodim ishlaydigan korxonada imtiyoz mavjud bo‘lsa, ijtimoiy soliq 1% yoki 0% stavkada to‘lanadi. Imtiyozga ega bo‘lmagan korxonada esa xuddi shunday ish haqi uchun 12% lik stavka amal qiladi.
Vazirlikka ko‘ra, bunda imtiyoz olmagan korxonalar va boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga qo‘shimcha yuk tushadi hamda sog‘lom raqobat buziladi.
Taklifga ko‘ra, yangi imtiyozlar berish to‘xtatilib, amaldagi imtiyozlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. 2030-yildan esa mavjud ijtimoiy soliq imtiyozlarini to‘liq bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.
Kelgusida biznesni qo‘llab-quvvatlash ijtimoiy soliqdan ozod qilish orqali emas, davlat budjetidan ochiq va manzilli subsidiyalar ajratish orqali amalga oshirilishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, ijtimoiy soliqdan tushadigan mablag‘larni pensiya sug‘urtasiga maqsadli yo‘naltirish, umumdavlat ijtimoiy kafolatlarini esa respublika budjetidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.
Vazirlikning qayd etishicha, takliflar pensiya huquqini moliyalashtirishda teng sharoit yaratish, mablag‘lardan maqsadli foydalanish va tizimning barqarorligini ta‘minlashga qaratilgan.
Spot, avvalroq, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliq to‘lashni majburiy qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.