Avvalroq prezident raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda Mustaqillik bayrami munosabati bilan Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi e‘lon qilingani aytildi.
Har bir viloyat hokimi, uning o‘rinbosarlari va viloyat tashkilotlari rahbarlari bittadan tumanni, tumanlardagi mas‘ullar esa bittadan mahallani olib, bir oy davomida ozodalik va obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etadi.
Mahallada obodonchilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tuziladi. Hududiy shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Bu ishlar bir oylik aksiya emas, balki yil bo‘yi ishlaydigan umummilliy harakatga aylantirilishi zarurligi ta‘kidlandi.
Mehnatga yarasha rag‘bat bo‘lishi kerakligi ta‘kidlandi. Shu bois, yil yakuni bilan ko‘p qavatli uylardagi Eng orasta xonadon, mahalladagi Eng fayzli hovli, hududdagi Eng obod ko‘cha, tuman va viloyatdagi Eng namunali mahalla nominatsiyalari joriy etiladi.
Tanlov g‘oliblari bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun mol-mulk solig‘idan, hovli-joylar uchun esa yer solig‘idan imtiyoz beriladi.
Yaxshi tajriba yaratgan mahalla yettiligi mukofotlanadi, ularning ish uslubi boshqa hududlarga namuna qilib ko‘rsatiladi. Mahallalardagi ilg‘or tajribalarni keng yoritish zarurligi ham qayd etildi.
Hududlarda temir yo‘l atrofini obodonlashtirish ishlari boshlangan. Birgina Toshkent — Xiva yo‘nalishidagi temir yo‘l bo‘yida 285 ta mahalla bor, ushbu yo‘nalish 45 ta tumandan o‘tadi.
Qolgan viloyat hokimlariga ham bir haftada hududidan o‘tgan magistral yo‘llar va temir yo‘l bo‘ylari, ular atrofidagi uy-joy va tijorat obyektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Ikki haftada ushbu hududlarni namunali qiyofaga keltirish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqib, amaliy natijaga erishish topshirildi.
Spot, avvalroq, mahallalar budjeti yiliga 2 trln so‘mgacha oshirilishi haqida yozgandi.