Avvalroq prezident raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda mahallalar budjetini mustahkamlash bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi. Joriy yil mahallalar budjetiga 600 mlrd so‘m mablag‘ qolishi reja qilingan edi.
Iyun oyidagi prezident farmoni bilan mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘ining ulushi 10% dan 15% ga oshirildi. Sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish uchun jarimalarning 10%i mahallaga tushadigan bo‘ldi.
Shuningdek, 5 ming kvadrat metrgacha bo‘sh binolarni mahallaning o‘zi sotuvga chiqarishiga ruxsat berildi. Buning hisobidan mahallalar budjetiga yana 405 mlrd so‘m tushadi.
Endi mahalladagi noturar obyektlardan tushgan yer va mulk solig‘ining 5%i ham mahallaning o‘ziga beriladi. Bu orqali mahallalar ixtiyorida yiliga yana 400 mlrd so‘m mablag‘ qoladi.
Yil davomida eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatga olgan, eng ko‘p yangi ish o‘rni yaratgan, tushum darajasi eng yuqori bo‘lgan va eng ko‘p qo‘shimcha soliq bazasi topgan 200 ta mahallaga 2 mlrd so‘mdan mukofot beriladi.
Umuman, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar budjetiga tushum bu yil 1,6 trln so‘mga, kelasi yildan esa 2 trln so‘mga yetadi.
Spot, avvalroq, noqonuniy qurilish va sanitariya bo‘yicha jarimalarning bir qismi mahallalarning o‘zida qolishi haqida yozgandi.