Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda iqtisodiy faoliyatni to‘liq statistik hisobga olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hozir O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23% ni yoki 246 trln so‘mni tashkil etmoqda. Qishloq xo‘jaligida esa uning ulushi umumiy aylanmaning 60%iga teng.
Mamlakatda mehnat bilan band bo‘lgan 15,2 mln kishining 6,5 mln nafari yoki 42%ining daromadlari rasmiy statistikada to‘liq aks etmayapti. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan ko‘plab kichik va o‘rta biznes subyektlari amalda faoliyat yuritmayapti yoki ishini to‘xtatgan.
“Har 4−5 so‘mlik iqtisodiy aylanmaning 1 so‘mi rasmiy statistika e’tiboridan chetda qolmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu holat soliq majburiyatlarini to‘liq bajarayotgan halol korxonalar uchun noteng raqobat sharoitini yuzaga keltirmoqda.
Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qo‘shimcha o‘nlab trillion so‘m tushum keltirishi va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.



Shu sababli 15-oktabrdan 30-noyabrgacha biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi. Unda mamlakatdagi barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan o‘tkazilib, korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanadi.
Shuningdek, korxona va tashkilotlarning statistik registrlari yangilanib, tanlanma kuzatuvlar o‘tkazish uchun asos yaratiladi.
Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish
Joriy yilda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 mln 47 ming kishini tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming kishining yashash manzili va ijtimoiy maqomi aniqlashtirildi.
Amaldagi ma’lumotlar bilan taqqoslaganda, Jizzax viloyati aholisi 2,7%, Namangan 1,3%, Surxondaryo 0,9% va Qashqadaryo 0,7% kam ekani aniqlandi. Buxoroda ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan, boshqa hududlarda esa yuqori bo‘lgan. Jumladan, Toshkent tumani aholisi avvalgi ma’lumotlardan 1,6 barobar ko‘p, Andijon shahrida esa 15,8% kam ekani ma’lum bo‘ldi.
Qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijasida avval hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifalari aniqlashtirildi.
Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bog‘lar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi.
Ro‘yxatga olish natijalari asosida aholi va qishloq xo‘jaligining doimiy yangilanib turadigan statistik registrlari shakllantiriladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlariga oid 100 ta hamda qishloq xo‘jaligi va ekin maydonlariga doir 50 ta ko‘rsatkich yangilanadi. Shuningdek, 2017−2025-yillar uchun milliy hisoblar ko‘rsatkichlari qayta baholanadi.
Raqamlashtirish hisobiga ro‘yxatga olish xarajatlari bir kishi uchun 1,5 ming so‘mdan oshmadi. Bu MDH davlatlaridagi ko‘rsatkichdan 15 barobar kam. Internet orqali ro‘yxatga olish qamrovi 82,3% ni tashkil etdi. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, O‘zbekiston ro‘yxatga olish tezligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egalladi.
Avvalroq Spot eksportda bojxona rasmiylashtiruvi va ayrim sertifikatlar uchun to‘lovlar 30%ga kamaytirilishi haqida yozgandi.


