Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida yozgandi.
Taqdimot davomida milliy statistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlarning hisobot yukini 20% ga kamaytirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalari sonini 1,7 barobar oshirish, ma’lumotlarni qayta ishlash vaqtini 20% ga qisqartirish rejalashtirilmoqda. Statistikaga sarflanadigan xarajatlar esa 25% ga kamaytiriladi.
Ma’lumotlarni boshqarishda yagona yondashuvni shakllantirish uchun vazirlik va idoralar ishtirokida Ma’lumotlarni boshqarish komissiyasi tashkil etish taklif qilindi. Komissiya 2026-yil 1-dekabrgacha davlat organlari va tashkilotlaridagi ma’lumotlarni boshqarish tizimlarini xatlovdan o‘tkazadi, 2027-yil 1-maygacha esa ularni takomillashtirish rejasini tasdiqlaydi.
2027-yil 1-iyulgacha Milliy ma’lumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. U ma’lumotlarni yagona tizimga integratsiya qilish, ularning sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, tahlil va raqamli xizmatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etish va davlat organlari uchun “Ochiq ma’lumotlar reytingi"ni joriy qilish taklif etildi.
Statistika sohasida mutaxassislar tayyorlash va tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida Ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv maktabi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Unda davlat organlari, biznes, statistika idoralari, OAV, tadqiqotchilar va talabalar uchun ma’lumotlarni boshqarish, biznes-tahlil, sun’iy intellekt, data-jurnalistika va vizualizatsiya bo‘yicha ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.



Milliy statistika tizimida sun’iy intellektdan foydalanish ham kengaytiriladi. 2027-yil 1-iyulgacha statistik ma’lumotlarni sun’iy intellekt tizimlari qayta ishlay oladigan formatlarda e’lon qilish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, statistik ko‘rsatkichlarni taqqoslash va ularni chuqur tahlil qilish uchun AI-agentlar joriy etiladi.
2027-yil oxirigacha aholi, demografiya, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid ma’lumotlarni raqamli geofazoviy xaritalarda aks ettirish rejalashtirilgan.
2027−2028-yillarda Ko‘p indikatorli klaster tadqiqotining yettinchi bosqichi o‘tkaziladi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligi baholanadi.
Taqdimotda “Statistikani rivojlantirish — 2030” milliy strategiyasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unda ma’lumotlar sifatini oshirish, xalqaro standart va metodologiyalarni joriy etish, raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ma’muriy va muqobil ma’lumotlar manbalaridan keng foydalanish hamda ochiq statistikani rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.
Mirziyoyev aniq, tezkor va ishonchli statistika davlat siyosatini shakllantirish hamda hudud va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha asoslangan qarorlar qabul qilish uchun zarurligini ta’kidladi.
Mas’ullarga ma’lumotlarni boshqarishning yagona tizimini joriy etish va milliy statistika tizimini xalqaro standartlar asosida izchil rivojlantirish topshirildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondda oktabr-noyabr oylarida biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi haqida yozgandi.


