Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida tadbirkorga hisoblangan 397 mln so‘mlik moliyaviy jarima bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
A.T.B. korxonasi rahbari moliyaviy jarimani bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, soliq auditi yakunida jamiyatga qo‘shimcha soliq va moliyaviy jarima qo‘llanilmagan. Biroq keyinchalik o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi asosida korxonaga 397 mln so‘m moliyaviy jarima hisoblangan.
Biznes-ombudsman xodimlarining qonuniy talablari asosida soliq organi holatni qayta ko‘rib chiqdi.
Bunda jamiyat ustav fondining 1,9 mlrd so‘mlik qismi tovar ko‘rinishida shakllantirilgani hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani inobatga olindi.
Natijada tadbirkorga hisoblangan 397 mln so‘mlik moliyaviy jarima bekor qilinib, uning huquqlari tiklandi.
Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istondagi korxona Biznes-ombudsman yordamida yer solig‘ini 10 baravarga kamaytirgani haqida yozgandi.