Prezidentning 27-avgustdagi farmoni bilan davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma‘murchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish choralari belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston bojxonasi-2030 strategiyasi tasdiqlandi.

Uning ustuvor yo‘nalishlari sifatida tadbirkorlar va jismoniy shaxslarga qulay sharoit yaratish, bojxona infratuzilmasini yaxshilash, sun‘iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish hamda bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish belgilandi.

1-sentabrdan tashqi savdo shartnomasini tuzmasdan, invoys asosida import qilishda xorijiy hamkorga oldindan to‘lov o‘tkazish bo‘yicha cheklov bekor qilinadi. Shuningdek, invoys asosidagi eksportda oldindan 50% tushumni ta‘minlash talabi olib tashlanadi.

Tovarlarni milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta‘minlash yoki to‘lovning kafolatlangan shakllari — akkreditiv, bank kafolati yoxud sug‘urta polisini taqdim etish talabi ham bekor qilinadi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish uchun mahsulot namunasi yetarli bo‘lmaganda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish talabi olib tashlanadi.

Bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida biologik aktivlar va yangi kimyoviy moddalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, polimer hamda parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini olib kirish uchun ruxsatnoma, shuningdek, dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani taqdim etish talabi ham bekor qilinadi.

1-oktabrdan soliq organlarida xavf darajasi past hamda QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni import qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, tovarlar eksportida bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar 30%ga kamaytiriladi.

2027-yil 1-yanvardan bojxona qiymatini nazorat qilish tartibi soddalashtiriladi. Xususan, xavf darajasi past tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari olib kiradigan tovarlarning bojxona qiymati ular erkin muomalaga chiqarilgandan keyin nazorat qilinadi.

Bundan tashqari, bojxona qiymatini nazorat qilish maqsadida tovarlar uchun qat‘iy bojxona qiymatini belgilash taqiqlanadi.

Bojxona qiymati bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilish hamda tovarlar qiymatini nazorat qilishda rasmiy diler va distribyutorlarning narx ma‘lumotlaridan foydalanish amaliyoti joriy etiladi.

2027-yil 1-iyundan jismoniy shaxslar notijorat maqsadlarda olib o‘tadigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona yig‘imlari miqdoridan kam bo‘lsa, ushbu yig‘imlar undirilmaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonga ayrim yuk avtomobillarini olib kirishda bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi bekor qilinishi haqida yozgandi.