Ramuza Makhammetsharipova 2016-yilda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga o‘qishga kirib, 2020-yilda korporativ boshqaruv yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriatni tamomlagan.
So‘ng, American Councils tashkilotida ESN dasturi bo‘yicha dastur yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan. 2023-yil oktabr oyida esa AQShning Palladium Group kompaniyasiga USAID loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashuvchi Grants Assistant sifatida ishga o‘tgan.
Keyinchalik Ramuza DAAD grantini qo‘lga kiritib, Germaniyaning Trier universitetida barqaror rivojlanish menejmenti va iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada tahsil ola boshlagan. Hozirda u o‘qishi bilan bir qatorda Bonn shahridagi DHL Supply Chain kompaniyasining GoGreen va ESG bo‘limida Global Sustainability Programs Intern sifatida faoliyat yuritmoqda.
U Spot bilan suhbatda DAAD grantini qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik jarayoni, Germaniyadagi ta’lim va talabalik muhiti, shuningdek, xalqaro kompaniyada ishlash tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Nima uchun Germaniya?
Xorijda o‘qish istagi uzoq yillardan beri bor edi. Bakalavriat davrimdayoq xalqaro universitetlar va xorijda ta’lim olish imkoniyatlari haqida internet orqali izlanar, bir kun kelib o‘zimni chet el universitetlaridan birida talaba sifatida tasavvur qilardim. Shuning uchun bakalavriatni tugatganimdan so‘ng birgina imkoniyatga bog‘lanib qolmaslik uchun bir nechta dasturlarga Stipendium Hungaricum, Erasmus Mundus va DAAD grantlariga hujjat topshirdim.
Afsuski, Erasmus Mundus grantiga topshirgan arizam rad etildi. O‘sha paytda, tabiiyki, biroz tushkunlikka tushdim va umidim ham so‘ngandek bo‘ldi. Biroq keyinchalik bu rad javobi jarayonning yakuni emasligini angladim.
Aksincha, oldimda yangi imkoniyatlar ochildi: Stipendium Hungaricum granti orqali Vengriyada Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Shu bilan birga, Trier universitetining barqaror rivojlanish menejmenti va iqtisodiyoti dasturiga qabul qilindim va DAAD grantini ham qo‘lga kiritdim.
Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Germaniyani tanlashimga bir nechta sabab bo‘lgan. Avvalo, men tanlagan dastur qiziqishlarim va kelajakdagi karyera rejalarimga Xalqaro munosabatlar yo‘nalishiga qaraganda ko‘proq mos kelardi. Barqaror rivojlanish, iqtisodiyot va ekologik masalalar bilan ishlash kelajakda o‘zimni rivojlantirmoqchi bo‘lgan yo‘nalishlardan biri edi.
Ikkinchidan, DAAD grantining imkoniyatlari men uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Grant nafaqat moliyaviy jihatdan, balki tashkiliy tomondan ham talabalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Yana bir muhim sabab, Germaniyada ta’lim sifati va universitetlarning xalqaro muhiti. Bu yerda nafaqat nazariy bilim olish, balki o‘rgangan bilimlaringni amaliyotda qo‘llash, turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan ishlash va xalqaro tajriba orttirish imkoniyati mavjud.
Grantga hujjat topshirish jarayoni
Menimcha, grantlarga topshirish jarayonidagi eng qiyin bosqich, aynan boshlanishi bo‘ldi. Talab qilinadigan hujjatlar, muddatlar va shartlar juda ko‘p bo‘lgani uchun hammasini oldindan puxta rejalashtirish muhim.
Bu borada menga LinkedIn platformasi katta yordam berdi. DAAD va Stipendium Hungaricum grantlarini qo‘lga kiritgan talabalar bilan bog‘lanib, ularning tajribasi va tavsiyalarini so‘radim. Ular ham o‘z tajribalarini mamnuniyat bilan bo‘lishib, grantga hujjat topshirish jarayonida foydali maslahatlar berishdi.
DAADga hujjat topshirish va saralash jarayoni bir nechta bosqichdan iborat bo‘ldi:
- Yo‘nalish tanlash: sohamga mos DAAD dasturini topib, uning barcha talablarini o‘rganib chiqdim.
- Hujjat yig‘ish: motivatsiya xati, akademik hujjatlar va tavsiyanomalarni tayyorladim.
- Suhbat: arizam qabul qilingach, suhbatga taklif qilishdi. Unda Germaniyani tanlash sabablarim, akademik bilimlarim va iqtisodiyot bo‘yicha savollar berildi.
- Natijani kutish: barcha bosqichlar tugagach, eng uzoq tuyulgan natijalarni kutish davri boshlandi.
Eng muhim hujjatlar sifatida motivatsiya xati, akademik hujjatlar va tavsiyanomalarni ko‘rsatgan bo‘lardim. Ayniqsa, motivatsiya xati shaxsiy hikoyangiz, maqsadlaringiz va intilishlaringizni ochiq berishi kerak.
Sunʼiy intellekt yordamida to‘liq yozilgan xatlarni mutlaqo tavsiya etmayman. Chunki, komissiya aʼzolari sizning haqiqiy shaxsingiz va motivatsiyangizni ko‘rishni xohlaydi. Qolaversa, hozirda SI orqali yozilgan matnlarni aniqlovchi maxsus dasturlar ham mavjud.
Yana bir voqeani hech qachon unutmayman. 2023-yilda Stipendium Hungaricum grantiga ariza topshirganimda, birinchi bosqichdan o‘tganim haqidagi taklifnoma pochtamning reklama bo‘limiga tushib qolgan. Buni vaqtida ko‘rmaganim sababli suhbatni o‘tkazib yuborganman.
O‘sha voqeadan beri elektron pochtamni muntazam tekshirib, tozalab boraman. Boshqalarga ham grantga topshirganda pochtaga o‘ta eʼtiborli bo‘lishni maslahat beraman.
Yaqinlarning qo‘llab-quvvatlashi va maqsad sari yo‘l
Xorijda tahsil olish qarorim yaqinlarim uchun kutilmagan yangilik bo‘lmadi. Chunki, chet elda magistraturani o‘qish istagi bakalavriat davrimdanoq borligini, bu maqsad ustida uzoq vaqtdan beri reja tuzib kelayotganimni ular yaxshi bilishardi. Shu sababli oilam qarorimni chin dildan qo‘llab-quvvatlab, paydo bo‘lgan imkoniyatdan unumli foydalanishimni xohladi.
Albatta, bu qarorning ikkinchi tomoni ham bor edi. Oila aʼzolarim muvaffaqiyatimdan quvonishgan bo‘lsa-da, boshqa mamlakatga ketishim va avvalgidek tez-tez ko‘risha olmasligimizni qabul qilish ularga oson kechmadi.
Bir-biriga o‘ta jips, har doim yonma-yon yashashga o‘rgangan oilamiz uchun minglab kilometr uzoqlikdagi hayot katta sinov hamda o‘zgarish edi. Shunga qaramay, ular hech qachon fikrimdan qaytarishga yoki qarorimdan voz kechishga undashmadi. Aksincha, bu mening hayotim va kelajagim uchun o‘ta muhim qadam ekanini chin dildan his qilishdi.

Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Men uchun eng katta tayanch faqat oilam emas, balki do‘stlarim va atrofimdagi insonlar ham bo‘ldi. Ayniqsa, Erasmus Mundus dasturidan rad javobini olganimda, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ancha so‘ngandi. Ketma-ket ariza topshirib, oylab natija kutish insonni ruhiy jihatdan toliqtiradi. Shunday paytlarda “balki bu yo‘l menga nasib emasdir”, degan xayol kelishi tabiiy.
Aynan o‘sha qiyin pallada do‘stlarim va American Councils’dagi hamkasblarim taslim bo‘lmasligimga katta turtki berishdi. Ular bitta rad javobi mening imkoniyatlarimni belgilamasligini, oldinda boshqa dasturlar va imkoniyatlar hali ko‘pligini eslatib turishdi. Ularning qo‘llab-quvvatlovi shunchaki quruq dalda emas, balki yana bir bor urinib ko‘rishimga sabab bo‘lgan kuchli motivatsiyaga aylandi.
Natijalar eʼlon qilingan kuni hayajon, ishonchsizlik va yengillikni bir vaqtning o‘zida his qildim. Avvalroq boshqa stipendiya dasturidan rad javobi olganim sababli, DAAD natijasi men uchun yanada qadrli va ahamiyatli edi. Chunki, bu shunchaki grant yutish emas, balki eng qiyin va umidsiz tuyulgan pallalarda ham maqsaddan voz kechmasangiz, oxir-oqibat natijaga erishish mumkinligining yaqqol isboti bo‘ldi.
Germaniyadagi hayotning boshlanishi
Germaniyaga yetib kelganimdan so‘ng, avval Frankfurtga qo‘nib, so‘ng DAAD doirasidagi nemis tili kursida qatnashish uchun Dyusseldorfga yo‘l oldim. Bu yerda meni eng ko‘p hayratga solgan jihatlardan biri ko‘p narsani mustaqil hal qilishim kerakligi bo‘ldi. Yashash ruxsatnomasi, tibbiy sug‘urta, bank hisob raqami va boshqa hujjatlar bo‘yicha kerakli yo‘riqnomalar berilgan bo‘lsa-da, oxir-oqibat barcha jarayonlar uchun mas’uliyat to‘liq o‘z zimmamda edi.
Nemis byurokratiyasi ham yangi bir tajriba bo‘ldi. Masalan, bank hisob raqamini ochganimdan so‘ng, debit kartam pochta orqali kelishini qariyb ikki hafta kutishimga to‘g‘ri keldi. Poyezdda yurish bilan bog‘liq ilk tajribam esa biroz kulgili kechgan. Germaniyada “hamma narsa o‘z vaqtida va aniq ishlaydi” degan qarashni ko‘p eshitgandim.
Lekin dastlabki safarlarimdan biridayoq ta’mirlash ishlari sababli katta yuklarim bilan uch marta poyezd almashtirishimga to‘g‘ri keldi. Shunda angladimki, nemislar vaqtga va intizomga juda jiddiy qarashadi, ammo bu poyezdlar hech qachon kechikmaydi, degani emas ekan.
Kichik shahardagi katta kashfiyotlar
Katta va gavjum Dyusseldorfdan ancha ixcham hamda osuda Trierga ko‘chib o‘tish kutganimdan ko‘ra qiyinroq kechdi. Boshida transport tizimi birmuncha noqulay tuyuldi, tezkor shahar hayotining surʼati va shovqinini qumsadim.
Ammo vaqt o‘tishi bilan Trierni piyoda kezib, yangi insonlar bilan tanishgach, shaharning o‘ziga xos osuda muhitini kashf eta boshladim. Ayniqsa, Mozel daryosi bo‘yidagi sayrlar ruhiyatimga alohida orom bag‘ishlardi.

Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Vaqt o‘tishi bilan Trier men uchun shunchaki o‘qish uchun kelgan shahar emas, balki o‘zimga yaqin va yoqimli xotiralar yig‘ilgan joyga aylana boshladi. Do‘stlar bilan birga shaharni aylanib chiqish, birga ovqat tayyorlash yoki oddiygina suhbatlashib vaqt o‘tkazish kundalik hayotimning yoqimli qismlariga aylandi.
Do‘stlarimning aksariyati xalqaro talabalar bo‘lsa-da, orasida nemislar ham yo‘q emas. Shu sababli, “nemislar chet elliklarga yopiq”, degan qarashga to‘liq qo‘shilmagan bo‘lardim — shunchaki odamlar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan ijtimoiy muhitni tabiiy ravishda tanlashadi.
Nemislar va boshqa dostlarim bilan Germaniyada o‘zimni yolg‘iz his qilgan paytlarimdan ko‘ra, yangi insonlar bilan birga kulgan, suhbatlashgan va yangi narsalarni kashf qilgan kunlarim ko‘proq. Turli madaniyat va mamlakatlardan kelgan do‘stlarim bilan o‘zimizga xos kichik bir xalqaro “oila” shakllangandek bo‘ldi.
Talabalik davri
Hozirda Trier universitetida barqaror rivojlanish menejmenti va iqtisodiyoti yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada tahsil olyapman.
Darslarimiz ma’ruza va seminar shakllarida o‘tkaziladi. Universitet portalida kurslarga mustaqil ro‘yxatdan o‘tamiz va shu orqali shaxsiy dars jadvalimiz shakllanadi. Seminarlarda amaliy topshiriqlarni muhokama qilamiz, taqdimotlar o’tkazamiz va guruh loyihalari ustida ishlaymiz. Imtihonlar esa fan xususiyatidan kelib chiqib, yozma yoki amaliy shaklda tashkil etiladi.
Menga nemis ta’lim tizimida eng yoqadigan jihat — bilimni faqat nazariy o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmay, uni amaliyotda qo‘llashga alohida e’tibor qaratilishidir. Professorlar talabalar bilan mutlaqo ochiq muloqotda bo‘ladi, guruh loyihalari va amaliy topshiriqlar esa egallagan bilimlarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi. Darslar o‘ziga xos va rang-barang bo‘lishi bilan birga, yuqori saviyada tashkil etilgan hamda ancha tartiblidir.
Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Bundan tashqari, Trier universitetida xalqaro talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan xalqaro bo‘lim faoliyat yuritadi. Ular turar joy topish, immigratsiya masalalarini hal qilish va boshqa maishiy qiyinchiliklarda yaqindan ko‘maklashadi. Universitet talabalar uchun turli madaniy tadbirlar tashkil etib, yangi do‘stlar orttirish va akademik muhitga tezroq moslashish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratadi.
Men uchun DAAD dasturi tomonidan taqdim etilgan ikki oylik nemis tili kursi ham g‘oyat manfaatli bo‘ldi. Bu kurs nafaqat til ko‘nikmalarimni oshirishga, balki boshqa stipendiatlar bilan tanishib, Germaniyadagi hayotga oldindan ko‘nikishimga xizmat qildi.
Yana bir qulaylik esa Deutschlandticket ya’ni Germaniya chiptasi bo‘ldi. Ushbu chipta orqali tezyurar ICE poyezdlaridan foydalanib bo‘lmaydi, biroq mamlakat bo‘ylab deyarli barcha mahalliy va hududiy poyezdlar, shuningdek, avtobus, tramvay va metro kabi jamoat transportlaridan cheklovsiz foydalanish mumkin. Bu esa Germaniya bo‘ylab sayohat qilish va yangi shaharlarni kashf etishni ancha qulay hamda arzon qiladi.
Xarajatlar. Trierdagi talabalar turar joyida yashaganimda oyiga 365 yevro to‘lardim. Oshxona va yuvinish xonasini 14 nafar talaba bilan bo‘lishishimizga to‘g‘ri kelardi, kir yuvish mashinasidan foydalanish esa alohida — har safar 2 yevroni tashkil etardi.
Hozir Bonnda ikki xonadoshim bilan barcha mebellarga ega kvartirada yashayman. Mening ulushim, barcha kommunal xarajatlarni ham o‘z ichiga olgan holda, oyiga 484 yevroni tashkil etadi. Ma’lumot o‘rnida, Germaniyada ijara turlari ikki shaklga bo‘linadi:
- Kaltmiete — faqat sof ijara haqini anglatadi;
- Warmmiete esa ijara to‘loviga asosiy kommunal va ekspluatatsiya xarajatlari ham kiritilgan shaklidir.
Oziq-ovqat xarajatlarim oyiga taxminan 150 yevroni tashkil etadi. Do‘stlar bilan tashqarida hordiq chiqarish yoki ko‘chada ovqatlanish uchun esa haftasiga qo‘shimcha 50−60 yevro atrofida sarf-xarajat ketishi mumkin. Shunga qaramay, ham tejamkorlik, ham salomatlik nuqtai nazaridan imkon qadar uyda ovqat tayyorlashni afzal ko‘raman.
Umuman olganda, Trier talabalar uchun nisbatan hamyonbop shahar hisoblanadi. Masalan, menga oyiga 700−800 yevro ketadi. Albatta, bu raqamlar turar joy, transport xarajatlari hamda shaxsiy ehtiyojlarga qarab o‘zgarishi mumkin. Qolaversa, Germaniyadagi talabalar o‘qish bilan birga cheklangan miqdorda qonuniy ishlash imkoniyatiga ham ega.
Ko‘pchilik talaba-xodim lavozimlarida yoki universitet, kafe hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida yarim stavkada faoliyat yuritadi. Biroq munosib ish topishda nemis tilini bilish darajasi hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlash lozim.
Xalqaro kompaniyaga ishga kirish bosqichlari
Germaniyada ish topish, ayniqsa xalqaro talaba sifatida, oson kechmaydi. Men ham bir vaqtning o‘zida bir nechta kompaniyalarga rezyume yuborib, mos imkoniyatlarni izladim. Kunlarning birida DHL Supply Chain kompaniyasidagi vakansiyani LinkedIn orqali ko‘rib qoldim va darhol ariza topshirdim. Ishga qabul qilish jarayoni esa bir necha bosqichdan iborat bo‘ldi:
Ariza topshirish bosqichi. Dastlab LinkedIn platformasi orqali rezyume va tegishli hujjatlarimni yubordim. Men uchun rezyumeda nafaqat maʼlumotim va o‘tmishdagi ish tajribamni, balki barqaror rivojlanish sohasiga bo‘lgan chuqur qiziqishimni aniq va ravshan aks ettirish juda muhim edi.
Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Amaliy topshiriq bosqichi. Arizam ko‘rib chiqilgach, maxsus amaliy topshiriq berildi. Unda DHL’da Butunjahon atrof-muhit kuniga bag‘ishlangan targ‘ibot kampaniyasini rejalashtirish va uni qanday tashkil etish bo‘yicha batafsil taklif loyihasini tayyorlashim talab etilardi. Kampaniyaning asosiy maqsadi, ko‘zda tutilgan faoliyat turlari, tadbir bosqichlari hamda kommunikatsiya strategiyasini atroflicha ishlab chiqdim.
Taqdimot. Tayyorlagan loyihamni kompaniya vakillariga onlayn taqdim etdim. Ushbu bosqichda nafaqat g‘oyalarning taqdimoti, balki nima uchun aynan shu yechimlarni taklif qilganimni asoslab berish va berilgan savollarga atroflicha javob qaytarish ham hal qiluvchi ahamiyatga ega edi.
Yakuniy intervyu bosqichi. Taqdimotdan so‘ng tanlov natijasi keyingi hafta ma’lum qilinishi, so‘ngra kompaniya direktori hamda Katta vitse-prezident bilan yakuniy suhbat bo‘lishi mumkinligini bildirishdi. Ochig‘ini aytsam: “Men shunchaki amaliyotchi lavozimiga ariza topshiryapman-ku, nega bunchalik yuqori darajadagi rahbarlar bilan suhbat bo‘lishi kerak?”, — deb hayron bo‘ldim va ich-ichimdan ajoblandim.
Ammo ertasi kuni menga qo‘ng‘iroq qilib, direktor bilan suhbatni tezroq o‘tkazishlari kerakligini aytishdi. O‘sha paytda universitetda edim, shuning uchun vaqtim bor-yo‘qligini so‘rab, imkon qadar tez suhbatni tashkil qilishdi.
Direktor bilan suhbat bosqichi. Direktor bilan suhbat oddiy “o‘zingiz haqingizda gapirib bering” formatidan biroz boshqacharoq bo‘ldi. Menga noodatiy savollar berildi, fikrlash tarzimni, motivatsiyam va vaziyatlarga qanday yondashishimni bilishga harakat qilishdi. Suhbat davomida ishni qachondan boshlay olishimni ham muhokama qildik.
Ish taklifi bosqichi. Suhbatdan so‘ng taxminan bir hafta o‘tib, elektron pochtamga rasmiy ish taklifi keldi. Ortidan mehnat shartnomasi ham yuborildi. Shartnomani imzolab, ishni boshlash muddatini kelishib oldik. Hatto ulardan jarayonni bir hafta kechikroq boshlash imkoni bor-yo‘qligini so‘raganimda, taklifimni mamnuniyat bilan qabul qilishdi. Shu tariqa, 2026-yilning yanvar oyidan e’tiboran DHL Supply Chain kompaniyasidagi faoliyatimni boshladim.
Ushbu tajribamning qiziq va saboq beruvchi tomoni shundaki, men dastlab amaliyot uchun tanlov juda oddiy kechadi deb o‘ylagandim. Ammo jarayon davomida har bir bosqichda bilimim va salohiyatimni to‘liq namoyon etishimga to‘g‘ri keldi. Xulosa qilib aytganda, hatto amaliyotchi lavozimi bo‘lsa ham, yirik kompaniyalar nomzodning bilimi, tashabbuskorligi va fikrlash qobiliyatiga o‘ta jiddiy e’tibor qaratadi.
DHL Supply Chain’dagi faoliyatim
Hozirda DHL Supply Chain kompaniyasining GoGreen va ESG yo‘nalishida Global Sustainability Programs Intern sifatida faoliyat yuritaman. Asosan jamoaga turli tashkiliy vazifalarda ko‘maklashaman: tadbirlarni tashkil etish, taqdimotlar va ichki kommunikatsiya materiallarini tayyorlash, shuningdek, barqaror rivojlanish bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etish kabi vazifalarni bajaraman.
Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Shuningdek, “Community Calls” loyihasida ham ishtirok etaman. Ushbu loyiha barqaror rivojlanish va ekologik logistika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni birlashtirib, ularga o‘z tajribasi, yutuqlari va ilg‘or amaliyotlari bilan bo‘lishish imkonini beradi. Men uchun bu loyiha juda foydali, chunki turli mamlakatlarda barqaror logistika qanday rivojlanayotganini bevosita shu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislardan o‘rganish imkoniga ega bo‘laman.
Universitetdagi ta’limim zarur nazariy bilim va asosiy tushunchalarni berdi. Avvalgi ish tajribam esa vazifalarni rejalashtirish, belgilangan muddatlarga rioya qilish va turli odamlar bilan samarali ishlash ko‘nikmalarini shakllantirdi. Hozir esa bu ikki tajribani birlashtirib, olgan bilim va ko‘nikmalarimni real biznes muhitida amalda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lyapman.
Ishimning eng qiziqarli jihati barqaror rivojlanish shunchaki nazariya yoki chiroyli tushuncha emas, balki yirik kompaniyalarning kundalik biznes jarayonlariga qanday singib borayotganini ko‘rishdir. Eng qiyin tomoni esa bu sohaning juda tez rivojlanayotganidadir. Yangi standartlar, texnologiyalar va yondashuvlar doimiy ravishda paydo bo‘lib turadi. Shu sababli bu yo‘nalishda ishlash uchun o‘rganish va rivojlanishni hech qachon to‘xtatib bo‘lmaydi.
Shu sababli yosh mutaxassislarga faqat diplom bilan cheklanib qolmaslikni tavsiya qilaman. Universitetdagi loyihalar, amaliyot, volontyorlik yoki boshqa faoliyatlar orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini real vaziyatlarda sinab ko‘rish juda muhim. Chunki nazariy bilimni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish kelajakdagi karyera uchun katta ustunlik beradi.
Talabalar duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchilik
Menimcha, O‘zbekistondan Germaniyaga kelgan talabalar uchun eng katta qiyinchiliklardan biri mustaqil hayotga moslashishdir. Ayniqsa, oiladan uzoqda yashash, barcha hujjatlar va rasmiy ishlarni mustaqil yuritish, kundalik mas’uliyatlarni o‘zingiz hal qilish dastlab oson kechmaydi.
Til to‘sig‘i ham muhim omillardan biri. Universitetda ingliz tilida tahsil olsangiz ham, kundalik hayotda nemis tilini bilish katta qulaylik beradi. Bundan tashqari, uy sog‘inchi va yangi ijtimoiy muhitga moslashish ham ma’lum vaqt talab qiladi.
Biroq men bu qiyinchiliklarning barchasini salbiy jihat sifatida ko‘rmayman. Aksincha, har bir qiyinchilik insonni yanada mustaqil qiladi, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishga va o‘zi haqida yangi narsalarni anglashga yordam beradi.

Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Maslahatlar. DAAD yoki boshqa grantlarga topshirayotganlarga eng asosiy maslahatim — aniq maqsad qo‘yish, tayyorgarlikni imkon qadar erta boshlash va jarayonni oxirgi kungacha qoldirmaslik.
Dastlab grantga topshirish jarayoni juda murakkab va tushunarsiz tuyulishi mumkin. Bunday vaziyatda yordam so‘rashdan uyalmagan ma’qul. Masalan, LinkedIn orqali avvalgi stipendiatlar bilan bog‘lanib, ularning tajribasi va tavsiyalarini so‘rash juda foydali. Ular ham bir paytlar xuddi shu jarayondan o‘tgan va ko‘pchiligi o‘z tajribasini bo‘lishishga tayyor.
Eng muhimi, bitta rad javobi sizning imkoniyatingizni belgilab bermaydi. Bir dasturdan rad javobi olish boshqa imkoniyatlar ham tugadi, degani emas. Men buni o‘z tajribamda his qilganman.
Xalqaro kompaniyada ishlamoqchi bo‘lganlarga esa quyidagi 3 ta asosiy maslahat bergan bo‘lardim:
- O‘z sohangizni yaxshi biling va olgan bilimlaringizni amalda qo‘llay olishni o‘rganing. Faqat diplomning o‘zi yetarli emas. Ish beruvchi sizning bilimlaringizni real vaziyatlarda qanday qo‘llay olishingizga ham e’tibor beradi. Shu sababli imkon qadar ko‘proq amaliy tajriba orttirish muhim.
- Ochiq fikrli bo‘ling. Xalqaro kompaniyada turli madaniyat, mentalitet va tajribaga ega insonlar bilan birga ishlaysiz. Boshqa nuqtai nazarlarni hurmat qilish, tinglash va turli muhitlarga moslasha olish juda muhim.
- Tashabbuskor bo‘ling va o‘z ustingizda ishlashni to‘xtatmang. Bugungi global mehnat bozorida raqobat yuqori. Shuning uchun yangi ko‘nikmalarni o‘rganish, savol berish, yangi imkoniyatlarni izlash va o‘z fikringizni bildirishdan qo‘rqmaslik kerak.
Foto: Ramuza Makhammetsharipovaning shaxsiy arxividan
Kelajakdagi rejalar. 5 yildan keyin aynan qayerda bo‘lishimni aniq aytish qiyin. Bugungi dunyo juda tez o‘zgarib boryapti va men o‘zimni bitta aniq ssenariy bilan cheklab qo‘yishni istamayman.
Hozirgi asosiy maqsadim olgan bilimlarimni amaliyotga tatbiq etib, tanlagan sohamda kuchli mutaxassis bo‘lib yetishish. Professional jihatdan rivojlanish, xalqaro loyihalarda ishlash va barqaror rivojlanish sohasiga o‘z hissamni qo‘shishni xohlayman.
Men uchun kelajakda aynan qaysi lavozimda yoki qaysi shaharda bo‘lishimdan ko‘ra, tinchlik, erkinlik va yaxshi hayot sifati muhimroq. O‘zim va oilam uchun xavfsiz, toza va erkin muhit yaratishni, shu bilan birga, atrof-muhitni asrashga o‘z hissamni qo‘shishni istayman. Eng katta orzularimdan biri kelajak avlod ham toza, yashil va imkoniyatlarga boy muhitda yashashi uchun o‘z hissamni qo‘shish.




