Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.
Davlat rahbarining 27-avgustdagi farmonida tadbirkorlar uchun qator soliq imtiyozlari va boshqa yengilliklar nazarda tutilgan. Tegishli takliflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi tomonidan ilgari surilgan.
Xususan, tovar va xizmatlar uchun naqd hisob-kitoblarning maksimal miqdori BHMning 400 baravarigacha — 176 mln so‘mgacha oshiriladi. 1-sentabrgacha bu limit 164,8 mln so‘m edi.
Avval naqd pulga sotiladigan tovarlarning maksimal qiymati 25 mln so‘mni tashkil etgan. Shu bilan birga, faqat naqdsiz to‘lov orqali amalga oshiriladigan ayrim tovar va xizmatlar uchun istisnolar saqlanib qoladi:
- elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi;
- avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalaridagi yoqilg‘i va elektromobillarni quvvatlash stansiyalaridagi elektr energiyasi;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- avtomobillar, tirkamalar va maxsus transport vositalari;
- ko‘chmas mulk;
- davlat xizmatlari.
Soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish hamda QQSning bir qismini qaytarish shartlari yengillashtiriladi. Endilikda biznes subyektlari Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingidagi darajasidan qat’i nazar, imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
Mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalari suv, salqin ichimliklar, pivo va tamaki mahsulotlarini xarid qilganda, raqamli markirovka kodlari yakuniy iste’molchiga sotilgan deb hisoblanadi.
Bundan tashqari, davlat xaridlari doirasida tovar va xizmatlar qabul qilinganini tasdiqlash soliq organlari tizimidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Ijrochilar tomonidan kiritilgan zakalat va qo‘shimcha zakalatlar bir ish kuni ichida avtomatik ravishda qaytariladi.
Shuningdek, biznes investitsiya loyihalarini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirib, tashqi muhandislik tarmoqlarini qurishga sarflagan xarajatlarini budjetdan qoplatishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 50 mlrd so‘mdan oshgan, boshqa hududlarda esa 200 mlrd so‘mdan oshgan xarajatlarning bir qismi kompensatsiya qilinadi.
Avvalroq Spot endi banklardan $500 gacha naqd xorijiy valyutani hujjatsiz sotib olish mumkinligi haqida yozgandi.