O‘zbekistonda banklardan $500 gacha naqd xorijiy valyutani shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz sotib olish mumkin. May oyida bu bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tegishli hujjat (№2886−12) 9-avgustdan kuchga kirdi.
Qaror bilan tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, banklarda mijozni identifikatsiya qilmasdan naqd xorijiy valyuta sotish mumkin bo‘lgan miqdor $100 dan $500 gacha oshirildi. Bunda pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat talab etilmaydi.
Shuningdek, jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tartibi yangilandi. Endilikda identifikatsiya shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki raqamli identifikatsiya asosida amalga oshiriladi.
Bunda biometrik pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatning asli bilan birga, Yagona portal yoxud Ijtimoiy karta mobil ilovasi orqali taqdim etiladigan elektron shaklidan ham foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, 16 yoshga to‘lmagan shaxsning hisobvarag‘idan ikki ish kuni davomida BHMning 40 baravaridan (16,48 mln so‘m) ortiq miqdordagi pul mablag‘larini kirim yoki chiqim qilish yoxud yechib olish bilan bog‘liq operatsiyalar shubhali operatsiyalar mezonlariga kiritildi.
Bank kartalari orqali amalga oshiriladigan ayrim yirik operatsiyalar bo‘yicha ham mezonlar yangilandi.
Xususan, 30 kundan oshmagan davrda mobil ilova orqali bank kartasidan bir yoki bir nechta bank kartalari yoxud elektron hamyonlarga jami BHMning 500 baravari (206 mln so‘m) yoki undan ortiq mablag‘ o‘tkazilishi shubhali operatsiyalar mezonlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, shu davrda bank kartasiga bir yoki bir nechta bank kartalari yoxud elektron hamyonlardan jami BHMning 1000 baravari (412 mln so‘m) yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushishi ham mazkur mezonlarga kiritildi. Ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisida eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar bundan mustasno.
Ichki pul o‘tkazmalariga doir talablar ham yangilandi. BHMning 28 baravariga (11,54 mln so‘m) teng yoki undan ortiq ichki to‘lovlar va pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma‘lumotlar jo‘natuvchi haqidagi identifikatsiya jarayonida olingan ma‘lumotlarni hamda oluvchi haqidagi ma‘lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Ayrim hollarda jo‘natuvchi haqidagi to‘liq ma‘lumotni oluvchi bank boshqa manbalardan olishi mumkin.
Spot, avvalroq, nobank kredit tashkilotlariga biometrik ma’lumotlarni O‘zbekistonda saqlash talabi yuklatilgani haqida yozgandi.