Markaziy bank 22-iyul kuni 2020-yil 27-iyunda qabul qilingan mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining axborot xavfsizligiga doir minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Hujjat 5-avgust kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi va 6-avgustdan kuchga kirdi.
Asosiy o‘zgarish — nizom tatbiq etiladigan tashkilotlar doirasi kengaytirildi. Endilikda mikromoliya tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari bilan bir qatorda kafolatlar berish tashkilotlari hamda faktoring tashkilotlariga ham mazkur talablar tatbiq etiladi. Hujjatda ushbu tashkilotlarning barchasi “nobank kredit tashkilotlari” deb yuritiladi.
Qarorda nobank kredit tashkilotlari mijozlarni identifikatsiya qilish va autentifikatsiyadan o‘tkazishda foydalanadigan jismoniy shaxslarning biometrik ma’lumotlarini O‘zbekiston hududida saqlashi shartligi belgilandi. Buning uchun nizom 41-band bilan to‘ldirildi.
Shu bilan birga, mijozga tegishli biometrik bo‘lmagan boshqa shaxsga doir ma’lumotlarni “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunning 271-moddasi uchinchi qismiga muvofiq O‘zbekiston hududidan tashqarida saqlash va ularga ishlov berishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, nizomdagi atamalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirildi. Xususan, hujjat matnidagi “maxfiy” so‘zi “konfidensial” atamasiga almashtirildi. Nobank kredit tashkilotlari xodimlariga ish jarayonida ma’lum bo‘ladigan konfidensial va shaxsga doir ma’lumotlarni sir saqlash majburiyati hamda buning uchun javobgarliklari tushuntirilishi kerak.
“Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida saqlanishi majburiy bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar qatoriga jismoniy shaxslarning biometrik va genetik ma’lumotlari, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi telekommunikatsiya operatorlari xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari kiradi.
Spot, avvalroq, banklar mijozlar murojaatlarining sabablarini ham bartaraf etishi shartligi haqida yozgandi.