Markaziy bank bank xizmatlari iste‘molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklari faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy bank boshqaruvining tegishli qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan bo‘lib, rasmiy e‘lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kiradi.

Hujjat bilan ilk bor “tizimli kamchilik” tushunchasiga huquqiy ta‘rif berildi. U bank mahsulotlari, biznes jarayonlari, xizmat ko‘rsatish bo‘linmalari, axborot yoki ichki nazorat tizimlarida iste‘molchilar huquqlari buzilishiga olib keluvchi hamda alohida holat bilan cheklanmaydigan kamchiliklarni anglatadi.

Yangi tartibga ko‘ra, banklar murojaatlarni ko‘rib chiqishda nafaqat qoidabuzarliklar va salbiy holatlarni bartaraf etishi, balki iste‘molchilar huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib kelayotgan sabablarni ham yo‘qotishi shart bo‘ladi.

Banklar murojaatlarni har chorak va yil yakunlari bo‘yicha umumlashtirib, tahlil qiladi. Bunday tahlillarda murojaatlar soni va turlari, ularning kelib chiqish sabablari, eng ko‘p uchraydigan muammolar, aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar aks ettirilishi lozim.

Qaror bilan bank boshqaruvi va ichki audit xizmatining murojaatlar bilan ishlash borasidagi mas‘uliyati ham kuchaytirildi.

Xususan, bank boshqaruvi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasini tasdiqlashi, ichki audit esa uning ijrosi hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini baholab borishi belgilandi.

Bundan tashqari, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilmagan deb hisoblanadigan holatlar ham aniq belgilandi.

Jumladan, harakatlar rejasining tasdiqlanmasligi, undagi topshiriqlarning o‘z vaqtida bajarilmasligi, ko‘rilgan choralarga qaramay kamchiliklarning saqlanib qolishi yoki ichki audit tomonidan nazoratning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi shunday holatlar qatoriga kiritildi.

Shuningdek, banklar murojaatlar tahlili bo‘yicha tayyorlangan choraklik va yillik ma‘lumotnomalarni belgilangan muddatlarda o‘z rasmiy veb-saytida e‘lon qilib borishi shart bo‘ladi.

Iyun oyida Markaziy bank qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.

Spot, avvalroq, Markaziy bank asosiy stavkani pasaytirishning uchta asosiy shartini aytgani haqida yozgandi.